13-modda. Jamoat ishtiroki
Korrupsiyaga qarshi · Sana: 31.10.2003 · Amalda
1. Har bir ishtirokchi Davlat oʻz imkoniyatlari doirasida va oʻz ichki qonunchiligining asosiy tamoyillariga muvofiq, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish hamda jamiyat korrupsiya mavjudligi, uning sabablari, xavfli xususiyatlari va yuzaga keltiruvchi tahdidlarini yanada chuqurroq anglashi uchun fuqarolik jamiyat, nohukumat tashkilotlar va jamoatlar negizida faoliyat yurituvchi tashkilotlar kabi ommaviy sektorning tashqarisida alohida shaxslar va guruhlarning faol ishtirokiga koʻmaklashish uchun tegishli choralarni koʻradi. Bu kabi ishtirokni quyidagi choralar yordamida mustahkamlash lozim:
a) aholini qarorlarni qabul qilish jarayonlariga jalb qilishga koʻmaklashish va uning oshkoraligini oshirish;
b) aholi uchun axborotga ega boʻlishning samarali imkoniyatlarini taʼminlash;
c) aholiga korrupsiyaga nisbatan chidab boʻlmaydigan muhit yaratishga xizmat qiluvchi axborotni yetkazishga qaratilgan tadbirlarni oʻtkazish hamda ommaviy taʼlim dasturlari, shu jumladan maktab va universitetlarda oʻquv dasturlarni amalga oshirish;
d) korrupsiya toʻgʻrisidagi axborotni izlash, olish, eʼlon qilish va tarqatish erkinligini hurmat qilish, ragʻbatlantirish va himoya qilish. Bunday erkinlikning maʼlum cheklovlari belgilanishi mumkin, lekin ular qonunchilikda nazarda tutilgan boʻladi va quyidagilar uchun zarur:
i) boshqa odamlar huquqlari va obroʻsini hurmat qilish uchun;
ii) aholining milliy xavfsizligini yoki ommaviy tartibini, yoki sogʻligʻini saqlash, yoxud axloqini himoya qilish uchun.
2. Har bir ishtirokchi Davlat ushbu Konvensiyada tilga olingan korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha tegishli organlar aholiga maʼlum boʻlishlarini taʼminlash uchun maʼlum choralarni koʻradi hamda mazkur Konvensiyaga muvofiq shunday deb eʼtirof etilgan bironta jinoyatchilik sifatida qabul qilinishi mumkin boʻlgan har qanday hollar toʻgʻrisida xabarlarni, shu jumladan anonim tarzda, taqdim etish uchun bunday organlar huzuriga kirish imkoni bilan taʼminlaydi.
