12-modda. Xususiy sektor
Korrupsiyaga qarshi · Sana: 31.10.2003 · Amalda
1. Har bir ishtirokchi Davlat, oʻz ichki qonunchiligining asosiy tamoyillariga muvofiq, xususiy sektorda korrupsiyaning oldini olish, buxgalteriya hisoboti va auditi standartlarini kuchaytirish va, tegishli hollarda, bunday choralarga rioya qilinmasligi uchun samarali, mutanosib va tiyib turuvchi taʼsir koʻrsatadigan fuqarolik-huquqiy, maʼmuriy yoki jinoiy jazolarni belgilash choralarini koʻradi.
2. Bunday maqsadlarga erishishga qaratilgan choralar, boshqalar qatori, quyidagilarni qamrab olishi mumkin:
a) huquqni muhofaza qiluvchi organlar va tegishli xususiy tashkilotlar oʻrtasidagi hamkorlikka koʻmaklashish;
b) tegishli xususiy tashkilotlar faoliyatida halollikni taʼminlash uchun moʻljallangan standart va taomillarni, shu jumladan tadbirkorlar va barcha tegishli kasb-hunarlar sohiblari oʻz faoliyatlarini toʻgʻri, vijdonan va tegishli darajada amalga oshirishlari uchun va manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelishining oldini olish hamda tijorat korxonalar oʻrtasidagi munosabatlarda va bunday korxonalar va davlat oʻrtasidagi munosabatlarda halol tijorat amaliyoti qoʻllanilishini ragʻbatlantirish uchun moʻljallangan standart va taomillarni ishlab chiqishda koʻmaklashish;
c) xususiy tashkilotlar faoliyatida oshkoralikni taʼminlashga koʻmaklashish, shu jumladan, tegishli hollarda, korporativ tashkilotlarni yaratish va ularni boshqarishga daxldor boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslarni solishtirish choralarini koʻrish;
d) xususiy tashkilotlar faoliyatini tartibga soluvchi, shu jumladan, ommaviy organlar tomonidan tijorat faoliyatini yuritish uchun taqdim etiladigan subsidiya va litsenziyalarga oid taomillar suiisteʼmol qilinishining oldini olish;
e) sobiq ommaviy mansabdor shaxslarning professional faoliyatiga nisbatan yoki bunday ommaviy mansabdor shaxslar xususiy sektordan isteʼfoga yoki pensiyaga chiqqanlaridan keyin ularning ishiga nisbatan (qachonki bu kabi faoliyat yoki ish shunday ommaviy mansabdor shaxslar oʻz lavozimlarini egallab turganda yoki bunday ishlar ustidan nazorat olib borganlarida ularning funksiyalari bilan bevosita bogʻliq boʻlganda), tegishli vaziyatlarda va oqilona muddatga cheklovlar belgilash yoʻli bilan manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelishining oldini olish;
f) korrupsion harakatlarning oldini olish va aniqlashda yordam berish hamda bunday xususiy tashkilotlarning hisob raqamlari va kerakli moliyaviy hujjatlarini tegishli audit va sertifikatlashtirish taomillaridan oʻtkazish mumkin boʻlishi uchun xususiy tashkilotlar, ularning tuzilishi va katta-kichikligini hisobga olgan holda, ichki audit nazoratini yuritish uchun yetarli mexanizmlarga ega boʻlishlarini taʼminlash.
