73-modda. Mehnat shartnomasining mazmuni
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Mehnat shartnomasining mazmuni taraflar kelishuvi boʻyicha, shuningdek mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilanadi.
Mehnat shartnomasi taraflarining kelishuvi bilan quyidagilar belgilanadi:
ish joyi (korxona yoki uning boʻlinmasi);
xodimning mehnat vazifasi — mutaxassisligi, malakasi, u ishlaydigan lavozim;
ishning boshlanish kuni;
mehnat shartnomasi muayyan muddatga tuzilganda uning amal qilish muddati;
mehnat haqi miqdori va mehnatning boshqa shartlari.
Mehnat shartnomasini tuzish paytida xodimlarning qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilangan mehnat huquqlari va kafolatlari darajasi pasaytirilishi mumkin emas.
