65-modda. Ishsizlik nafaqasini toʻlash shartlari va muddatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Ishsizlik nafaqasi ishsiz deb eʼtirof etilgan shaxsga u ish qidirayotgan shaxs sifatida mahalliy mehnat organida roʻyxatdan oʻtgan kundan eʼtiboran tayinlanadi. Ishsiz shaxsning nafaqa olish huquqi u ish qidirayotgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtgan paytdan boshlab kechi bilan oʻn birinchi kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ishsizlik nafaqasi oʻn ikki oylik davr ichida koʻpi bilan yigirma olti kalendar hafta davomida toʻlanadi.
Ishsiz ishsizlik nafaqasini olish davrida ish qidirishi va har ikki haftada kamida bir marta mahalliy mehnat organiga ishga yoki kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga, malakasini oshirishga yoʻllanma olish uchun murojaat qilishi shart.
Ishsizlik nafaqasining miqdori qonunchilik bilan belgilanadi.
