66-modda. Ishsizlik nafaqasi toʻlashni bekor qilish, toʻxtatib qoʻyish va uning miqdorini kamaytirish
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Ishsizlik nafaqasini toʻlash quyidagi hollarda tugatiladi:
ishsiz shaxs ishga joylashganda;
ishsiz shaxs maqbul ishga doir ikkita taklifni rad etganda;
ishsiz shaxslar tadbirkorlik faoliyatiga jalb etishga va shaxsiy tomorqa yer uchastkalarini rivojlantirishga qaratilgan subsidiyalarni olganda;
ishsiz shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasining mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan mikrokreditlar olinganda;
ishsiz shaxs Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirganda;
ishsiz shaxs oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatga olinganda;
ishsiz shaxs qonunchilikka muvofiq pensiya taʼminoti huquqiga ega boʻlganda (pensiya turidan qatʼi nazar);
ishsiz shaxs sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish yoki axloq tuzatish ishlari tarzidagi jazoga hukm qilinganda;
ishsiz shaxs ishsizlik nafaqasini olib turgan davrida vaqtincha bajariladigan ishga mahalliy mehnat organini bu haqda xabardor qilmay joylashganda;
ishsiz shaxs vafot etganda.
Quyidagi hollarda ishsizlik nafaqasini toʻlash toʻxtatib turiladi:
ishsiz shaxs kasbga oʻrganish, qayta tayyorlash yoki malakasini oshirishga yuborilgan boʻlsa, — stipendiya olib kasb oʻrganish, qayta tayyorlashdan oʻtish yoki malaka oshirish davrida;
ishsiz shaxs ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasasida davolash kursini oʻtayotgan boʻlsa, — bunday muassasada boʻlgan davrida;
ishsiz shaxs haq toʻlanadigan jamoat ishlarida ishtirok etayotgan boʻlsa, — bunday ishlarda ishtirok etgan davrida.
Ishsiz shaxs uzrsiz sabablarga koʻra belgilangan muddatda mahalliy mehnat organiga kelmagan taqdirda, ishsizlik nafaqasini toʻlash uch oygacha muddatga toʻxtatib qoʻyilishi yoki nafaqaning miqdori kamaytirilishi mumkin.
