192-modda. Boquvchining vafot etganligi munosabati bilan zararni ish beruvchi tomonidan toʻlash majburiyati
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Xodim mehnatda mayib boʻlishi, kasb kasalligi yoki mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq holda sogʻligʻiga boshqacha tarzda shikast yetishi sababli vafot etgan hollarda, ish beruvchi marhumning qaramogʻida boʻlgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga, shuningdek oʻn olti yoshga toʻlmagan yoki u vafot etgan kunga qadar undan taʼminot olish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga, marhumning vafotidan keyin tugʻilgan farzandiga, shuningdek ota-onasidan biriga, umr yoʻldoshiga yoki oilaning boshqa aʼzosiga, agar u ishlamasdan marhumning uch yoshga yetmagan bolalari (ukalari, singillari) yoki nevaralarining parvarishi bilan band boʻlsa, zararni toʻlashi shart.
Qaramoqda boʻlish farazan olinadi va buning uchun dalil talab etilmaydi.
Quyidagilar mehnatga qobiliyatsiz deb hisoblanadi:
oʻn olti yoshdan katta shaxslar, agar ular shu yoshga toʻlgunga qadar nogironligi boʻlgan shaxs boʻlib qolgan boʻlsalar;
oltmish yoshga toʻlgan erkaklar va ellik besh yoshga toʻlgan ayollar;
nogironligi boʻlgan shaxs.
Oila aʼzosining mehnatga qobiliyatsizligi boshlangan vaqt (boquvchining vafotiga qadar yoki undan keyin) uning zararni undirishga boʻlgan huquqiga taʼsir etmaydi.
Oʻn olti yoshdagi va undan katta oʻquvchilar, oʻquv yurtlarining kunduzgi boʻlimlarida oʻqishni tugatgunlarigacha, lekin oʻn sakkiz yoshga qadar boʻlgan davrda, zararni undirish huquqiga egadirlar.
