193-modda. Boquvchining vafot etganligi munosabati bilan toʻlanadigan zarar miqdori
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Vafot etgan boquvchining qaramogʻida boʻlgan va uning vafoti munosabati bilan zararni undirishga haqli boʻlgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga toʻlanadigan zarar miqdori marhumning oʻrtacha oylik ish haqi miqdorida, uning oʻziga va uning qaramogʻida boʻlgan, lekin zararni undirishga haqli boʻlmagan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarning ulushini chegirib tashlagan holda belgilanadi.
Zarar toʻlovini olishga haqli boʻlgan shaxslarning har biriga tegishli boʻlgan zarar miqdorini aniqlash uchun boquvchi ish haqining mazkur shaxslarning hammasiga toʻgʻri keladigan qismi ular soniga taqsimlanadi.
Vafot etgan shaxsning qaramogʻida boʻlmagan, ammo zarar toʻlovini olish huquqiga ega boʻlgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslar uchun zarar toʻlovi miqdori quyidagi tartibda belgilanadi:
agar taʼminot mablagʻi sud tartibida undirilgan boʻlsa, u holda zarar toʻlovlari sud tomonidan tayinlangan summa miqdorida belgilanadi;
agar taʼminot mablagʻi sud tartibida undirilmagan boʻlsa, u holda zarar toʻlovlari ularning moddiy ahvoli hamda vafot etgan shaxsning hayotlik vaqtida ularga yordam koʻrsatish imkoniyatini hisobga olib belgilanadi.
Agar vafot etgan shaxsning qaramogʻida boʻlgan shaxslar ham, uning qaramogʻida boʻlmagan shaxslar ham ayni bir vaqtda zarar toʻlovini olishga haqli boʻlsalar, bunday holda zarar toʻlovlari miqdori avvalo marhumning qaramogʻida boʻlmagan shaxslar uchun belgilanadi. Ular uchun belgilangan zarar toʻlovi summasi boquvchining ish haqidan chegirib tashlanadi, soʻngra ish haqining qolgan miqdoridan kelib chiqib ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan tartibda marhumning qaramogʻida boʻlgan shaxslar uchun qoplanadigan zarar miqdori belgilanadi.
Boquvchisini yoʻqotganligi munosabati bilan zarar toʻlovini olish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga tayinlangan boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi, xuddi shuningdek boshqa pensiya, ish haqi, stipendiya va boshqa daromadlar qoplanadigan zarar toʻlovi hisobiga kiritilmaydi. Bunda qaramoqdagi har bir shaxsga tegishli boʻlgan zararni qoplash summasi qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 17,6 foizidan oz boʻlishi mumkin emas.
