152-modda. Mehnat shartnomasi bekor qilinganda yillik asosiy va qoʻshimcha taʼtildan foydalanish
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Jamoa shartnomasida yoki xodim bilan ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga binoan mehnat shartnomasi bekor qilinganda (shu jumladan uning muddati tugashi munosabati bilan ham) xodimning xohishiga koʻra, yillik asosiy va qoʻshimcha taʼtillarni berib, undan keyin mehnat munosabatlarini bekor qilish hollari nazarda tutilishi mumkin. Bu holda taʼtil tugagan kun mehnat shartnomasi bekor qilingan kun deb hisoblanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan taʼtil davrida xodim mehnat shartnomasini uning tashabbusi bilan bekor qilish toʻgʻrisidagi arizasini, basharti mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisida ogohlantirishning qonun yoki taraflarning kelishuvi bilan belgilangan muddati tugagan boʻlsa, qaytarib olishga haqli emas.
Mehnat shartnomasi uning muddati tugashi munosabati bilan bekor qilinganda keyinchalik mehnatga oid munosabatlarni bekor qilish sharti bilan, garchi haqiqatda ishlangan vaqt hamda taʼtil vaqtining umumiy yigʻindisi mehnat shartnomasi muddati chegarasidan chiqib ketsa ham, taʼtil berilishi mumkin. Bu holda mehnat shartnomasining amal qilishi taʼtil tugagunga qadar uzaytiriladi.
Mehnat shartnomasi xodimning aybli harakatlari tufayli bekor qilinganda yillik asosiy va qoʻshimcha mehnat taʼtilidan asli holida foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
