153-modda. Mehnat haqi miqdorini belgilash
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Mehnat haqining miqdori ish beruvchi bilan xodim oʻrtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. Mehnat haqi qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan oz boʻlishi mumkin emas va uning eng koʻp miqdori biron bir tarzda cheklanmaydi.
Mehnat haqi shakli va tizimlari, mukofotlar, qoʻshimcha toʻlovlar, ustamalar, ragʻbatlantirish tarzidagi toʻlovlar jamoa shartnomalarida, shuningdek ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib qabul qilinadigan boshqa lokal hujjatlarda belgilanadi. Mehnatga haq, qoida tariqasida, pul shaklida toʻlanadi. Mehnat haqini natura shaklida toʻlash taqiqlanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilangan hollar bundan mustasno.
Budjet hisobidan moliyaviy jihatdan taʼminlanadigan muassasalar va tashkilotlarning, shuningdek davlat korxonalarining xodimlari mehnatiga haq toʻlash shartlarining eng kam darajasi qonunchilik bilan belgilanadi.
Tabiiy-iqlim va turmush sharoitlari noqulay boʻlgan joylarda mehnat haqiga rayon koeffitsiyentlari va ustamalar belgilanadi.
Rayon koeffitsiyentlari va ustamalar joriy qilinadigan joylarning roʻyxati, shuningdek ularni qoʻllanish tartibi va miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilanadi.
