123-modda. Ish vaqtini jamlab hisobga olish
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Hisobga olinadigan davrdagi ish vaqtining muddati ish soatlarining normal miqdoridan oshib ketmaydigan shart bilan korxonada ish vaqtini jamlab hisobga olish joriy qilinishi mumkin (115, 116, 117, 118-moddalar). Bunda hisobga olinadigan davr bir yildan, kundalik ish vaqtining (smenaning) muddati esa oʻn ikki soatdan ortib ketmasligi lozim. Ish vaqtini jamlab hisobga olishni qoʻllanish tartibi, shuningdek hisobga olinadigan davr mobaynida xodimlarga har oyda toʻlanadigan ish haqi miqdorini tenglashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar jamoa shartnomasida belgilanadi, agar u tuzilmagan boʻlsa, — ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilanadi.
Ish vaqtini jamlab hisobga olish ayrim toifadagi xodimlarni ish vaqtidan tashqari ishlarga jalb etish xususida belgilangan cheklashlarga (220-moddaning beshinchi qismi va 228, 245-moddalar) rioya qilgan holda joriy etiladi.
