122-modda. Tungi vaqtdagi ishning muddati
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Soat 22-00 dan to soat 6-00 gacha boʻlgan vaqt tungi vaqt deb hisoblanadi.
Agar xodim uchun belgilangan kundalik ish (smena) muddatining kamida yarmi tungi vaqtga toʻgʻri kelsa, tungi ish vaqti muddati bir soatga, ish haftasi muddati ham shunga muvofiq ravishda qisqartiriladi.
Ishlab chiqarish sharoitlariga koʻra zarur boʻlgan hollarda, xususan ishlab chiqarish uzluksiz boʻlgan joylarda, shuningdek bir kun dam olinadigan olti kunlik ish haftasi sharoitida smena boʻlib ishlanayotgan joylarda tungi ish muddati kunduzgi ish muddatiga tenglashtiriladi.
Xodimlarni tungi vaqtdagi ishga jalb etish ushbu Kodeksning 220-moddasi beshinchi qismida va 228, 245-moddalarida belgilangan cheklashlarga rioya etgan holda amalga oshiriladi.
