26-modda. Psixiatriya statsionariga yotqizish uchun asoslar
Psixiatriya yordami toʻgʻrisida (123-II-son) · Sana: 31.08.2000 · Amalda
Shaxsda ruhiy holatning buzilishi borligi va statsionar sharoitida tekshiruvdan oʻtkazish yoki davolash toʻgʻrisidagi shifokor psixiatrning qarori yoxud sudning qarori psixiatriya statsionariga yotqizish uchun asos boʻlib hisoblanadi.
Qonunchilikda belgilangan hollarda va tartibda psixiatriya ekspertizasini oʻtkazish zarurati ham psixiatriya statsionariga joylashtirish uchun asos boʻlishi mumkin.
Shaxsni psixiatriya statsionariga joylashtirish, ushbu Qonunning 27-moddasida nazarda tutilgan hollarni istisno etganda, ixtiyoriy tartibda uning iltimosiga binoan yoki roziligi bilan amalga oshiriladi.
Oʻn toʻrt yoshgacha boʻlgan voyaga yetmagan shaxs uning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakilining iltimosiga binoan yoki roziligi bilan psixiatriya statsionariga joylashtiriladi. Ota-onadan biri eʼtiroz bildirsa yoxud ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakili boʻlmasa, voyaga yetmagan shaxsni psixiatriya statsionariga joylashtirish vasiylik va homiylik organining qaroriga binoan amalga oshiriladi, bu qaror ustidan sudga shikoyat qilish mumkin.
Qonunda belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxs uning qonuniy vakilining iltimosiga binoan yoki roziligi bilan psixiatriya statsionariga yotqiziladi.
Statsionarga yotqizishga rozilik tibbiy hujjatlarga yozish orqali va shaxsning yoki uning qonuniy vakilining, shuningdek shifokor psixiatrning imzosi qoʻyilib rasmiylashtiriladi.
