25-modda. Dispanser kuzatuvi
Psixiatriya yordami toʻgʻrisida (123-II-son) · Sana: 31.08.2000 · Amalda
Dispanser kuzatuvi ogʻir barqaror yoki tez-tez zoʻrayib turuvchi dardchillik koʻrinishlari boʻlgan surunkali va uzoq choʻziladigan ruhiy holatning buzilishiga chalingan shaxsning, shuningdek uning qonuniy vakilining roziligidan qatʼi nazar oʻrnatilishi mumkin.
Dispanser kuzatuvini oʻrnatish zarurligi va uni toʻxtatish toʻgʻrisidagi masalaga doir qaror ambulatoriya psixiatriya yordamini koʻrsatayotgan psixiatriya muassasasining maʼmuriyati tayinlaydigan shifokor psixiatrlar komissiyasi yoki sogʻliqni saqlash organi tayinlaydigan shifokor psixiatrlar komissiyasi tomonidan qabul qilinadi. Agar davolash-profilaktika muassasasi xizmat koʻrsatadigan hududda psixiatriya yordami bitta shifokor psixiatr tomonidan koʻrsatilsa, bunday qarorni u mustaqil ravishda uch oydan oshmagan muddatga qabul qiladi. Shu muddat ichida masala shifokor psixiatrlar komissiyasi tomonidan koʻrib chiqilishi kerak.
Shifokor psixiatrlar komissiyasining asoslantirilgan qarori tibbiy hujjatlarga yozib qoʻyilgan holda rasmiylashtiriladi. Dispanser kuzatuvini oʻrnatish yoki toʻxtatish toʻgʻrisidagi qaror ustidan ushbu Qonunning 42-moddasida nazarda tutilgan tartibda shikoyat qilish mumkin.
Dispanser kuzatuvi shaxs sogʻayib ketganda yoki uning ruhiy holati ancha va barqaror yaxshilanganda toʻxtatiladi. Dispanser kuzatuvi toʻxtatilganidan keyin ambulatoriya psixiatriya yordami shaxsning yoki uning qonuniy vakilining iltimosiga koʻra yoki roziligi bilan maslahat berish-davolash muolajasi tarzida koʻrsatiladi. Ruhiy holati oʻzgargan taqdirda, ruhiy holati buzilgan shaxs oʻzining yoki qonuniy vakilining roziligisiz ushbu Qonunning 21 va 22-moddalarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha va tartibda tekshiruvdan oʻtkazilishi mumkin. Dispanser kuzatuvi, bunday hollarda, shifokor psixiatrlar komissiyasining qaroriga binoan tiklanishi mumkin.
