484-modda. Undiruvni qarzdorga tegishli boʻlgan mulkiy huquqlarga qaratish
Ijro ishi yuritish takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-199-son) · Sana: 14.01.2009 · Amalda
Ijro hujjatlari boʻyicha undiruv qarzdorga tegishli mulkiy huquqlarga, xususan quyidagi huquqlarga qaratilishi mumkin:
koʻchmas mulkni uzoq muddatli ijaraga olish huquqi;
yer uchastkasiga doimiy yoki umrbod egalik qilish huquqi, yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqi yoki yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish huquqi;
intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquq;
qarzdorga litsenziat sifatida oddiy nomutlaq litsenziya asosida tegishli boʻlgan intellektual faoliyat natijalaridan va shaxsiylashtirish vositalaridan foydalanish huquqi.
Qarzdorga tegishli boʻlgan boshqa shaxslarga nisbatan mulkiy huquqlarga undiruv Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksida belgilangan qoidalarga rioya etgan holda qaratiladi.
