485-modda. Undiruvni debitorlik qarziga qaratish
Ijro ishi yuritish takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-199-son) · Sana: 14.01.2009 · Amalda
Undiruvni qarzdorning debitorlik qarziga qaratish amalda yetkazib berilgan tovarlar, bajarilgan ishlar yoki koʻrsatilgan xizmatlar boʻyicha, shu jumladan mulk ijarasi shartnomasi va boshqa shartnomalar boʻyicha, shuningdek qarzdor undiruvchi sifatida ishtirok etayotgan ijro hujjati boʻyicha qarzdorga toʻlanishi lozim boʻlgan pul mablagʻlarini debitor qarzdorning hisobvaraqlaridan nizosiz tartibda hisobdan chiqarish orqali amalga oshiriladi.
Sud ijrochisi tomonidan qarzdor undiruvchi sifatida ishtirok etayotgan pul mablagʻlarini undirish toʻgʻrisidagi boshqa ijro hujjati mavjudligi aniqlansa, sud ijrochisi undiruvni debitorning ijro hujjati boʻyicha qarzdorga toʻlanishi lozim boʻlgan pul mablagʻlariga qaratish toʻgʻrisida qaror chiqaradi. Ushbu qaror asosida sud ijrochisi debitorning hisobvaraqlariga qarzdorning qarzi summalarini undirish toʻgʻrisida debitorning qarzdor oldidagi qarzidan oshib ketmaydigan miqdorda inkasso topshiriqnomasini taqdim etadi.
Undiruvni qarzdorga amalda yetkazib berilgan tovarlar, bajarilgan ishlar yoki koʻrsatilgan xizmatlar boʻyicha debitor toʻlashi lozim boʻlgan pul mablagʻlariga qaratish qarzdor oʻz debitori bilan oʻzaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasini taqdim etgan taqdirda amalga oshiriladi.
Debitor oʻzaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasini imzolashdan asossiz bosh tortgan taqdirda, qarzdor bir tomonlama imzolangan solishtirma dalolatnomalarini debitorlik qarzi mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda sud ijrochisiga taqdim etishga haqli. Qarzdor tomonidan bir tomonlama tartibda imzolangan oʻzaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasi taqdim etilganda, sud ijrochisi qarzdorning debitoriga uning kreditorlik qarzi mavjudligi haqida imzolash uchun solishtirma dalolatnomani va qarzdor tomonidan taqdim etilgan, ushbu qarzning mavjudligini tasdiqlaydigan hujjatlarning koʻchirma nusxalarini ilova qilgan holda bildirishnoma yuboradi.
Qarzdorning debitori bildirishnomani olgan kundan eʼtiboran uch kunlik muddatda oʻzaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasini imzolashi yoxud solishtirma dalolatnomada koʻrsatilgan qarzning mavjud emasligini asoslagan holda rad javobi taqdim etishi shart. Agar debitor tomonidan tan olingan qarz summasi solishtirma dalolatnomada koʻrsatilganidan farq qilsa, debitor oʻsha muddatda sud ijrochisiga oʻzi tan olgan summani koʻrsatgan holda solishtirma dalolatnomani taqdim etishi shart.
