16-modda. Litsenziyaning amal qilishini tugatish
Advokatura instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-198-son) · Sana: 31.12.2008 · Amalda
Litsenziyaning amal qilishini tugatish advokatga guvohnoma bergan adliya organining qarori bilan quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
advokat litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat etganda, agar ishonch bildiruvchi shaxs (himoya ostidagi shaxs) buni talab qilsa, ilgari qabul qilingan topshiriqni bajarib boʻlganidan soʻng;
agar talabgor litsenziya berish uchun qaror qabul qilinganligi toʻgʻrisida bildirishnoma yuborilgan (topshirilgan) paytdan eʼtiboran uch oy ichida litsenziya berganlik uchun davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatni adliya organiga taqdim etmagan boʻlsa;
ushbu Qonun 31-moddasining oltinchi qismida va 131-moddasining beshinchi qismida nazarda tutilgan talablar bajarilmaganda;
litsenziya soxta hujjatlardan foydalanilgan holda olinganligi fakti aniqlanganda;
litsenziya berish toʻgʻrisidagi qarorning gʻayriqonuniy ekanligi aniqlanganda;
advokatning muomala layoqati cheklanganda yoki u belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
sudning advokatni jinoyat sodir etishda aybdor deb topish haqidagi ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;
kasbiga doir vazifalarini uch oy ichida uzrsiz sabablarga koʻra bajarmaganda (malaka komissiyasining qaroriga asosan);
advokat tomonidan advokatura toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablari, Advokatning kasb etikasi qoidalari, advokatlik siri va advokat qasamyodi muntazam ravishda yoki bir marta qoʻpol ravishda buzilganda, advokatning shaʼni va qadr-qimmatiga dogʻ tushiradigan hamda advokaturaning obroʻsini tushiradigan qilmish sodir etilganda (malaka komissiyasining qaroriga asosan);
litsenziyasining amal qilishi toʻxtatib turilgan shaxs litsenziyaning amal qilishi toʻxtatib turilishiga olib kelgan holatlarni litsenziyaning amal qilishi toʻxtatib turilgan muddatlarda bartaraf etmaganda (malaka komissiyasining qaroriga asosan);
advokat Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotganda;
advokat vafot etganda yoki sudning uni vafot etgan deb eʼlon qilish haqidagi qarori qonuniy kuchga kirganda.
Litsenziyaning amal qilishi sudning qaroriga koʻra ham tugatilishi mumkin.
