15-modda. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish
Advokatura instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-198-son) · Sana: 31.12.2008 · Amalda
Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish advokatga guvohnoma bergan adliya organining qarori bilan quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
advokat jinoiy javobgarlikka tortilganda, u ayblanuvchi tariqasida jalb etilgan paytdan boshlab va sud hukmi qonuniy kuchga kirguniga qadar yoxud reabilitatsiya qiluvchi asoslarga binoan uni jinoiy javobgarlikdan ozod etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinguniga qadar;
advokat tomonidan advokatura toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablari, Advokatning kasb etikasi qoidalari, advokatlik siri va advokat qasamyodi buzilganligi aniqlanganda (malaka komissiyasining qaroriga asosan);
advokatlar palatasi hududiy boshqarmasining yoki adliya organining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilingan, shu jumladan advokatning zimmasiga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini yuklaydigan qarorlari advokat tomonidan bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda (malaka komissiyasining qaroriga asosan).
Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish muddati olti oydan oshishi mumkin emas, advokat jinoyat ishida ishtirok etishga ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan hol bundan mustasno. Litsenziyasining amal qilishi toʻxtatib turilgan shaxs litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni, agar ular bartaraf etib boʻlmaydigan xususiyatga ega boʻlmasa, koʻrsatilgan muddatda bartaraf etishi shart.
Adliya organining litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish advokat maqomining toʻxtatib turilishiga sabab boʻladi.
