94-modda. Daʼvolarni qarab chiqish tartibi va muddatlari
Hakamlik sudi va xoʻjalik nizolarini hal etish tartibi toʻgʻrisida (443-XII-son) · Sana: 20.11.1991 · Amalda
Daʼvo taqdim etilgan tashkilot daʼvoni olgan kundan boshlab bir oy muddat ichida unga javob qaytarishi shart.
Daʼvoga berilgan javob tashkilot rahbari yoki uning oʻrinbosari tomonidan imzolanadi.
Daʼvoga berilgan javob buyurtma xat bilan yoki qimmatli xat shaklida joʻnatiladi yoxud tilxat olib topshiriladi.
Daʼvoni bir oy muddat ichida qarab chiqish tartibi buzilgan yoki daʼvo javobsiz qoldirilgan hollarda hakamlik sudi xoʻjalik nizolarini qarab chiqayotganda bunday tartibbuzarlikka yoʻl qoʻygan tashkilotdan daʼvo summasining 2 foizini, lekin kamida 100 soʻm yoki koʻpi bilan 1000 soʻm pulni respublika budjeti foydasiga undirishga haqlidir.
Daʼvoni butunlay yoki qisman tan olgan taqdirda tashkilot ana shu tan olingan summani ixtiyoriy ravishda arizachiga oʻtkazadi.
Daʼvoni tan olish toʻgʻrisidagi javob tan olingan summani oʻtkazish toʻgʻrisida maʼlum qilinmagan boʻlsa, daʼvo arizasini beruvchi javob olgandan keyin 20 kunlik muddat oʻtgach, qarzdor tan olgan summani soʻzsiz chegirib olish xususidagi farmoyishni bankka taqdim etishga haqlidir. Farmoyishga qarzdorning javobi ilova qilinadi.
Daʼvoni qondirishdan butunlay yoki qisman bosh tortilgan hollarda yoki javob oʻz muddatida olinmagan taqdirda arizachi hakamlik sudiga daʼvo bilan murojaat qilishga haqlidir.
