93-modda. Daʼvolarni taqdim etish tartibi
Hakamlik sudi va xoʻjalik nizolarini hal etish tartibi toʻgʻrisida (443-XII-son) · Sana: 20.11.1991 · Amalda
Mulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan tashkilot bu huquqlari va manfaatlarini buzgan tashkilotlarga daʼvo qilishga haqlidir.
Daʼvo yozma ravishda taqdim etiladi.
Daʼvoda quyidagilar koʻrsatiladi:
daʼvo qilayotgan va daʼvo qaratilgan tashkilotlarning nomlari; daʼvo berilgan kun va uning tartib raqami;
daʼvoni berish uchun asos boʻlgan holatlar; daʼvoda koʻrsatilgan holatlarni tasdiqlovchi dalil-isbotlar;
arizachining talabi;
daʼvoning summasi va uning hisob-kitobi, daʼvo arizasi berayotganning toʻlov va pochta maʼlumotlari;
daʼvoga ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyxati.
Daʼvo tashkilot rahbari yoki uning oʻrinbosari tomonidan imzolanadi.
Daʼvo buyurtma xat bilan yoki qimmatli xat shaklida joʻnatiladi yoxud tilxat olib topshiriladi.
Yuklarni tashish va aloqa xizmati koʻrsatish yuzasidan transport va aloqa tashkilotlarga qaratilgan daʼvolarni taqdim etish tartibi va muddatlari tegishli qonunlarda belgilanadi.
