8-modda. Kooperativ aʼzolarning masʼuliyati
Kooperatsiya toʻgʻrisida (295-XII-son) · Sana: 14.06.1991 · Amalda
1. Ishlab chiqarish kooperativlarining va aralash shakldagi kooperativlarning aʼzolari tugatilgan kooperativning qarzlari yuzasidan kooperativning mol-mulki bilan javobgar boʻladilar, bu mol-mulk yetmay qolgan taqdirda qarz summasi sud tomonidan kooperativ har bir aʼzosining yillik daromadi summasiga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
2. Matlubot kooperativining faoliyatida faqat pay badallari qoʻshib ishtirok etayotgan kooperativ aʼzosi, shuningdek oʻz aʼzolarining uy-joy-maishiy va boshqa ijtimoiy ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladigan kooperativ aʼzosi boʻlmish fuqaro oʻzi qoʻshgan pay badali doirasida kooperativning majburiyatlari boʻyicha javobgar boʻladi.
3. Matlubot, ishlab chiqarish kooperativining jamoa aʼzosi xoʻjalik mustaqilligini saqlab qoladi va oʻz faoliyatida oʻzining ustaviga (nizomiga) amal qiladi. U mustaqil mulkiy javobgar boʻladi. Matlubot va ishlab chiqarish kooperativi (jamiyati) oʻz tarkibidagi jamoa aʼzolarining majburiyatlari uchun javobgar boʻlmaydi, jamoa aʼzolari esa kooperativning (jamiyatning) majburiyatlari boʻyicha uning ustavida koʻzda tutilgan tartibda va miqdorlarda javobgar boʻladilar.
4. Kooperatsiya toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun aybdor boʻlgan mansabdor shaxslar, kooperativlar va ularning xoʻjalik uyushmalari (shu jumladan, matlubot jamiyatlari ittifoqi) aʼzolari qonunda belgilangan tartibda mulkiy, maʼmuriy, jinoiy va oʻzgacha tarzda javobgar boʻladilar.
