9-modda. Kooperativni boshqarish
Kooperatsiya toʻgʻrisida (295-XII-son) · Sana: 14.06.1991 · Amalda
1. Kooperativning oliy boshqaruv idorasi umumiy yigʻilish, konferensiya, syezd boʻlib, ular kooperativ raisini (boshqaruvini), taftish komissiyasini (taftishchini) saylaydi va ularga kooperativni boshqarish boʻyicha oʻz vakolatlarini topshiradi.
Kooperativning har bir aʼzosi, shu jumladan uning har bir jamoa aʼzosi, qoʻshgan mulkiy hissasining miqdoridan qatʼi nazar, bir ovozga ega boʻladi.
Kooperativda mehnat shartnomasi (kontrakti) boʻyicha ishlayotgan fuqarolar umumiy yigʻilishda maslahat ovozi huquqi bilan ishtirok etadilar.
2. Umumiy yigʻilish:
kooperativning ustavini qabul qiladi, unga belgilangan tartibda oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritadi;
kooperativ raisini, kooperativ boshqaruvini va taftish komissiyasini (taftishchisini) saylaydi (yollaydi) va ozod etadi, ularning faoliyatlariga doir hisobotlarini eshitadi;
kooperativ aʼzoligiga qabul qilish, aʼzolikdan chiqarish masalalarini, shuningdek, kooperativdan chiqish bilan bogʻliq masalalarni hal qiladi;
kooperativning ichki tartib qoidalari, kooperativ mulkiga yetkazilgan zarar uchun moddiy javobgarlik toʻgʻrisidagi, mehnatga haq toʻlash haq toʻgʻrisidagi qoidalarni hamda kooperativning boshqa ichki hujjatlarini qabul qiladi va ularni oʻzgartiradi;
kooperativga kirish, pay badallarining va boshqa badallarning miqdorini belgilaydi ;
kooperativ faoliyatning rejalarini va ularning ijrosiga doir hisobotlarni tasdiqlaydi;
foydani (daromadni) taqsimlash tartibini, kooperativ fondlari va rezervlarining turlari, miqdori hamda ulardan foydalanish yoʻnalishlarini belgilaydi:
kooperativni qayta tashkil etish va uning faoliyatini toʻxtatish, uning xoʻjalik uyushmalariga kirishi va ulardan chiqishi masalalarini hal qiladi.
Mazkur masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilish kooperativ umumiy yigʻilishining mutlaq ixtiyorida boʻladi. Kooperativ ustaviga yoki umumiy yigʻilishning qaroriga muvofiq kooperativ faoliyatining boshqa tashkiliy, xoʻjalik va ijtimoiy masalalari ham kooperativning mutlaq ixtiyoriga berilishi mumkin.
Zarur hollarda kooperativlarda umumiy yigʻilish ixtiyoridagi masalalarni hal etish uchun vakillar yigʻilishlari chaqirilishi mumkin.
Kooperativ boshqaruvi (raisi)ning statusi kooperativ ustavi bilan belgilanadi.
3. Taftish komissiyasi (taftishchi) kooperativning (boshqaruvning) moliyaviy va xoʻjalik faoliyatini tekshiradi va u umumiy yigʻilish oldida hisobdordir.
