6-modda. Kooperativga aʼzolik
Kooperatsiya toʻgʻrisida (295-XII-son) · Sana: 14.06.1991 · Amalda
1. 16 yoshga toʻlgan, kooperativning maqsad va vazifalarini amalga oshirishda ishtirok etish istagini bildirgan va bunga qodir boʻlgan har bir jismoniy shaxs, basharti Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida oʻzga hol nazarda tutilmagan boʻlsa, kooperativ aʼzosi boʻlishi mumkin.
Mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalar va tashkilotlar, shuningdek boshqa kooperativlar va shirkatlar kooperativning jamoa aʼzolari boʻlishi mumkin. Kooperativlar va ularning jamoa aʼzolari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar shartnoma asoslarida quriladi.
2. Kooperativning aʼzosi mehnat shartnomasi boʻyicha bir nechta ishlab chiqarish kooperativida ishlashi yoki ayni bir vaqtning oʻzida uy-joy va boshqa ijtimoiy ehtiyojlarni qondirish bilan shugʻullanuvchi bir necha kooperativning aʼzosi boʻlishi haqli.
Kooperativga kirish yoki unda mehnat shartnomasi (kontrakt, bitim) boʻyicha ishlash uchun asosiy ish joyidagi korxona mulkdorining, maʼmuriyatning (boshqaruv idorasining) roziligi talab qilinmaydi.
Qonunchilikka muvofiq yoki sudning hal qiluv qaroriga koʻra muayyan faoliyat bilan shugʻullanishi yoxud muayyan lavozimni egallashi man etilgan shaxslarning kooperativga aʼzo boʻlishi yoki mehnat shartnomasi (kontrakti) asosida unda ishlashga jalb etilishi mumkin emas.
3. Aʼzolik munosabatlaridan kelib chiqqan nizoli ishlar kooperativ ustavida belgilangan tartibda kooperativ boshqaruv idoralari tomonidan, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan hollarda esa — sud tomonidan hal etiladi.
4. Kooperativ aʼzosi ustavda nazarda tutilgan hollarda kooperativning umumiy yigʻilishi qaroriga binoan kooperativdan chiqarilishi mumkin.
Kooperativ aʼzoligidan chiqarilganlik ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
