4-modda. Kooperativning mulkdorlari va mol-mulki
Kooperatsiya toʻgʻrisida (295-XII-son) · Sana: 14.06.1991 · Amalda
1. Kooperativning mustaqil balansida oʻz ifodasini topadigan asosiy fondlar, oborot mablagʻlari, pay badallari, shuningdek boshqa boyliklar kooperativ mulki hisoblanadi.
2. Kooperativning mol-mulki oʻz aʼzolarining pul va moddiy badallari, banklarning kreditlari, oʻzi ishlab chiqargan mahsulotlar, bu mahsulotlarni sotishdan, kooperativ ustavida nazarda tutilgan oʻzga xil faoliyatdan kelgan daromadlar hamda qonun hujjatlarida man etilmagan boshqa manbalar hisobiga hosil boʻladi. Kooperativning mol-mulkini shakllantirishda, mulk shaklidan qatʼi nazar, korxonalar (tashkilotlar), shuningdek mazkur kooperativga aʼzo boʻlmagan, ammo unda mehnat shartnomasiga (kontraktiga), bitimiga muvofiq ishlayotgan jismoniy shaxslar shartnoma asoslarida pul va moddiy badallar toʻlash yoʻli bilan ishtirok etishlari mumkin.
3. Kooperativ tomonidan tashkil etilayotgan korxonalar va tashkilotlarning mol-mulki, shuningdek qoʻshgan ulushlariga muvofiq xoʻjaliklararo korxonalar va tashkilotlarning mol-mulki kooperativ mulki hisoblanadi.
Tarkibiga kooperativlar, turli mulk shaklidagi boshqa korxonalar va tashkilotlar kirgan xoʻjalik uyushmalarining mol-mulki ularning shirkat (jamoa) mulkidir. Tarkibiga faqatgina kooperativlar kirgan uyushmalarning (ittifoqlarning) mol-mulki, basharti mazkur uyushmalarning (ittifoqlarning) taʼsis hujjatlarida yoki Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida oʻzga hol nazarda tutilmagan boʻlsa, ana shu kooperativlarga shirkat (jamoa) mulki huquqida qarashli boʻladi.
