3-modda. Kooperativ — kooperatsiyaning birlamchi boʻgʻini
Kooperatsiya toʻgʻrisida (295-XII-son) · Sana: 14.06.1991 · Amalda
1. Yuridik shaxs huquqiga ega boʻlgan, jamoa mulki huquqi asosida oʻziga qarashli mulkka egalik qiladigan, undan foydalanadigan va uni tasarruf etadigan mustaqil xoʻjalik yurituvchi subyekt kooperativ hisoblanadi. Yer va boshqa tabiiy boyliklar kooperativlarga foydalanish uchun beriladi.
Ishlab chiqarish va ishlab chiqarish-matlubot kooperativlarining faoliyati, oʻz aʼzolarining, shuningdek mehnat shartnomalari (kontraktlar, bitimlar) boʻyicha ishlayotgan kishilarning oʻz mehnatlari bilan shaxsan ishtirok etishiga asoslanadi
Matlubot kooperativlari hamda oʻz aʼzolarining oʻy-joy-maishiy va boshqa ijtimoiy ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladigan kooperativlar faoliyati oʻz mehnati bilan shaxsan ishtirok etish bilan boʻlmasligi ham mumkin.
2. Kooperativlar tarmoq hududiy va boshqa belgilar boʻyicha xoʻjalik uyushmalariga ixtiyoriylik asosida birlashmalari va yakkahokimlikka qarshi qonunlarning talablarini hisobga olgan holda ish olib borishlari mumkin.
3. Kooperativ, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida taqiqlanganlaridan tashqari, faoliyatning har qanday turi bilan shugʻullanishga haqlidir. Bunda kooperativlar va ularning xoʻjalik uyushmalari (shu jumladan barcha turdagi aralash davlat-kooperativ uyushmalari) davlat boshqaruvi, kontroli va nazorati, shuningdek tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, tergov va odil sudlov idoralarining vazifalarini bajarishlariga yoʻl qoʻyilmaydi.
Kooperativlar, kooperativlarning xoʻjalik uyushmalari Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalarga muvofiq respublika va xalqaro bozorlarda xoʻjalik faoliyatini erkin yuritish huquqiga egadirlar.
