14-modda. Fuqarolarni chaqiriq uchastkalarida qayd etish
Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida (644-XII-son) · Sana: 03.07.1992 · Amalda
1. Fuqarolarni chaqiriq uchastkalarida qayd etish oʻspirinlarni roʻyxatga olish, ularning sonini, harbiy xizmatga qay darajada yaroqli ekanligini aniqlash, umumtaʼlim saviyasi, egallagan ixtisosi va jismoniy tayyorgarligini bilib olish maqsadida oʻtkaziladi.
Fuqarolarni qayd etish uchun nohiyalarda (shaharlarda) chaqiriq uchastkalari tashkil etiladi.
2. Chaqiriq uchastkalarida har yili yanvar — mart oylarida shu yil 17 yoshga toʻladigan fuqarolar qayd etiladilar.
Qayd qilish qayd qilinadigan fuqarolarning turar joylaridagi nohiya (shahar) mudofaa ishlari idoralari tomonidan oʻtkaziladi.
Chaqiriq uchastkalarida qayd qilinadigan fuqarolarni vrachlar, shu jumladan jarrohlar, terapevtlar, asab kasalliklari, ruhiy kasalliklar, koʻz kasalliklari, quloq, tomoq, burun kasalliklari, tish kasalliklari mutaxassislari, zaruratga qarab boshqa ixtisosdagi vrachlar tibbiy koʻrikdan oʻtkazadilar.
3. Uy-joydan foydalanish tashkilotlari, uylardan foydalanishni amalga oshiruvchi korxonalar va muassasalar, uy egalari, shuningdek harbiy xizmatga majburlar va chaqiruvchilarni dastlab roʻyxatga olish vazifasi yuklatilgan hokimiyatlar, korxonalar, tashkilotlar va oʻquv yurtlarining kadrlar boʻlimlari Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi belgilagan muddatlarda har yili tegishli nohiya (shahar) mudofaa ishlari idoralariga chaqiriq uchastkalarida qayd etilishi lozim boʻlgan oʻspirinlarning roʻyxatini beradilar.
4. Chaqiriq uchastkasida qayd etish uchun fuqarolar chaqiruv qogʻozida koʻrsatilgan muddatda mudofaa ishlari idoralariga kelib, zarur hujjatlarni taqdim etishlari shart.
5. Fuqarolarni chaqiriq uchastkalarida qayd etish ishlarini oʻtkazish uchun nohiyalarda (shaharlarda) tegishli komissiyalar tuziladi.
6. Chaqiriq uchastkalarida qayd etilgan fuqarolar chaqiriluvchilar deb hisoblanadi. Ularga chaqiriluvchining qayd etilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomasi beriladi, huquq va majburiyatlari, harbiy roʻyxatga olish va harbiy xizmatga tayyorlash tartibi tushuntiriladi, qayd etilgan vaqtdan boshlab fuqarolar harbiy roʻyxatga kiritiladilar.
