15-modda. Chaqiruv yoshi. Fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish
Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida (644-XII-son) · Sana: 03.07.1992 · Amalda
1. Tinchlik vaqtida salomatligiga koʻra harbiy xizmatga yaroqli boʻlgan va chaqiruv kuni 18 yoshga toʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmish yigitlar muddatli harbiy xizmatga chaqiriladilar.
Fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan yiliga ikki marta oʻtkaziladi.
Vazirlar Mahkamasining qarori chaqiruv boshlanishiga kamida bir oy qolganida ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori eʼlon qilinganidan keyin har bir chaqiriluvchi, shu jumladan vaqtincha roʻyxatda turgan chaqiriluvchi chaqiruv qogʻozida koʻrsatilgan muddatda chaqiruv punktida hozir boʻlishi shart. Muddatli harbiy xizmatni oʻtamagan va harbiy roʻyxatga kiritilmagan chaqiruv yoshidagi fuqarolar, shuningdek doimiy istiqomat joyidan vaqtincha boshqa joyga ketib qolgan va u erda harbiy roʻyxatda turmagan chaqiriluvchilar turar joylaridagi mudofaa ishlari idoralariga borishlari shart.
2. Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoa xoʻjaliklari, kooperativlar va oʻquv yurtlarining rahbarlari xizmat safarida boʻlgan chaqiriluvchilarni chaqirtirib olishlari va ularning chaqiriq uchastkasida oʻz vaqtida hozir boʻlishini taʼminlashlari shart.
3. 18 yoshga toʻlgan va 18 yoshdan katta chaqiriluvchilarning harbiy roʻyxatda turish joyini oʻzgartirishiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining navbatdagi chaqiruv toʻgʻrisidagi qarori eʼlon qilinguniga qadar yoʻl qoʻyiladi, qaror eʼlon qilinganidan keyin esa faqatgina ayrim hollarda, basharti chaqiriluvchi mudofaa ishlari idoralariga:
boshqa joydagi ishga oʻtkazilganligini;
yangi istiqomat joyiga koʻchib oʻtganligini;
oʻquv yurtiga qabul qilinganligi va taʼlim olishni davom ettirish uchun ketayotganligi yoki oʻquv yurtini tugatib, yoʻllanma boʻyicha ishga joʻnatilayotganligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etganidan keyin harbiy roʻyxatda turish joyini oʻzgartirishi mumkin.
4. Quyidagilar:
fuqaroning chaqiriq uchastkasiga shaxsan kelishiga imkon bermagan kasalligi;
yaqin tugʻishganining vafot etgani yoki ogʻir betobligi;
fuqaroga bogʻliq boʻlmagan holda, uni koʻrsatilgan uchastkalarga va muddatlarda shaxsan yetib kelishiga toʻsqinlik qilgan tabiiy ofat va shunga oʻxshash boshqa vaziyatlar fuqaroning mudofaa ishlari idoralari belgilagan muddatlarda chaqiriq uchastkalariga yetib kelmaganligining uzrli sabablari hisoblanadi.
