12-modda. Harbiy oʻquv yurtiga kirishga va harbiy xizmatga tayyorlash tartibi. Jismoniy tayyorgarlik. Davolash-sogʻlomlashtirish ishlari. Umumtaʼlim tayyorgarlik saviyasini oshirish. Davlat tilini oʻrganish. Vatanparvarlik ruhida tarbiyalash
Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida (644-XII-son) · Sana: 03.07.1992 · Amalda
1. Harbiy oʻquv yurtiga kirish istagini bildirgan fuqarolar harbiy litseylarda, umumtaʼlim oʻquv yurtlarida (gimnaziyalarda, litseylarda), Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” jamiyatining tashkilotlarida, harbiy oʻquv yurtlari qoshidagi tayyorlov kurslarida yoki mustaqil ravishda tayyorgarlikdan oʻtadilar.
2. Chaqirish yoshiga yetmaganlar va chaqiriluvchilarni jismoniy jihatdan tayyorlash jismoniy tarbiya dasturiga muvofiq xalq taʼlimi, jismoniy tarbiya va sport davlat boshqaruvi idoralari, sport jamiyatlari va klublari, davolash muassasalari tomonidan korxonalar, muassasalar va tashkilotlardagi mudofaa-sport-sogʻlomlashtirish lagerlarida amalga oshiriladi.
3. Oʻspirinlar oʻrtasida davolash-sogʻlomlashtirish ishlari sogʻliqni saqlash idoralari va muassasalari tomonidan ularning turar joylarida, ish yoki oʻqitish joylarida, davolash-oldini olish va davolash-sogʻlomlashtirish muassasalarida tashkil etiladigan oʻsmirlar xonalari va poliklinikalarida uyushtiriladi hamda oʻtkaziladi.
15 — 17 yoshdagi oʻspirinlar har yili chaqiriluvchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishga jalb etiladigan mutaxassis vrachlar tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.
4. Taʼlimni boshqarish davlat idoralari chaqirilish yoshiga yetmaganlar va chaqiriluvchilarning tarbiya, umumtaʼlim tayyorgarlik darajasini oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni koʻrishlari, davlat tilini yaxshi bilmaydigan yoki mutlaqo bilmaydigan oʻsmirlar bilan davlat tilini oʻrganish boʻyicha qoʻshimcha mashgʻulotlar oʻtkazishni uyushtirishlari va oʻtkazishlari shart.
