11-modda. Oliy oʻquv yurtlarida zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash
Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida (644-XII-son) · Sana: 03.07.1992 · Amalda
1. Zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash oliy oʻquv yurtlarining talabalariga oliy oʻquv yurtlari aro harbiy tayyorgarlik oʻquv markazlarida (harbiy kafedralar yoki sikllarda) taʼlim berish orqali amalga oshiriladi.
Oliy oʻquv yurtlarining kunduzgi boʻlimida oʻqiyotgan, salomatligiga koʻra harbiy xizmatga yaroqli talabalar (27 yoshgacha boʻlgan erkaklar) harbiy tayyorgarlik kursini, tibbiyot oliy oʻquv yurtlarining talaba xotin-qizlari — harbiy tibbiy tayyorgarlik kursini oʻtaydilar.
Talabalarni harbiy tayyorgarlik kurslariga qabul qilish ixtiyoriy asoslarda (talabalarning shaxsiy arizalariga binoan) amalga oshirilishi mumkin. Muddatli harbiy xizmatni oʻtagan shaxslar harbiy tayyorgarlikni yuqori kurslarda oʻtaydilar.
2. Oliy oʻquv yurtlari aro oʻquv markazlarida (harbiy kafedralar yoki sikllarda) harbiy tayyorgarlik kursini oʻtgan, taʼlim dasturini oʻzlashtirgan, belgilangan davlat imtihonlarini topshirgan shaxslar kichik leytenant unvoni olganlaridan keyin zaxiradagi ofitserlar hisobiga kiritiladilar. Oliy oʻquv yurtlari aro oʻquv markazlarida taʼlim kursini muvaffaqiyatli tugallab, ofitser lavozimida harbiy xizmatni oʻtash istagini bildirgan erkak talabalar dastlabki ofitserlik unvoni olganlari va oliy oʻquv yurtini bitirganlaridan keyin qoʻshinlarga joʻnatilishlari mumkin. Bunda oliy oʻquv yurtida oʻqish davri harbiy xizmat muddatiga qoʻshiladi.
Oliy oʻquv yurtlarining kichik kurslarida serjantlar tayyorlash dasturini oʻtgan yoki yuqori kurslarda harbiy taʼlim olishni davom ettirishni rad etgan, harbiy tayyorgarlik taʼlimi olish istagini bildirmagan talabalar (oliy oʻquv yurtini bitirgandan keyin) ushbu Qonunga muvofiq muddatli harbiy xizmatni oʻtashga jalb etiladilar.
3. Zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi Mudofaa vazirligi bilan birgalikda oliy oʻquv yurtlarini tasarruf etuvchi vazirliklar (qoʻmitalar) zimmasiga yuklatiladi.
Oliy oʻquv yurtlariaro harbiy tayyorgarlik oʻquv markazlarining (harbiy kafedralar yoki sikllarning) yoʻnalishlarini, zaxiradagi ofitserlar ixtisoslarining roʻyxatini Mudofaa vazirligi belgilaydi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydi.
4. Tarkibida oliy oʻquv yurtlariaro oʻquv markazlari (harbiy kafedralar yoki sikllar) tashkil etilgan oliy oʻquv yurtlariga ega boʻlgan vazirliklar va davlat boshqaruvining boshqa idoralari harbiy tayyorgarlikni alohida modda boʻyicha pul bilan taʼminlaydilar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining koʻmagida zarur oʻquv-moddiy bazani yaratadilar.
