19-1-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining vazifalari
Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida (205-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki Hukumatning xalqaro iqtisodiy munosabatlar sohasidagi siyosatini roʻyobga chiqaruvchi, tashqi iqtisodiy faoliyatga xizmat koʻrsatishni taʼminlovchi va valyuta mablagʻlarini jamlovchi ixtisoslashtirilgan bankdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki respublika Markaziy banki va Hukumatning topshirigʻiga binoan:
eksport tovarlari ishlab chiqarishni tashkil etish va rivojlantirish uchun chet el valyutasida kreditlar beradi, Oʻzbekiston Respublikasiga chet el valyutasida yetkazib berilayotgan va respublika chet el valyutasida olayotgan davlat zayomlari va kreditlariga xizmat koʻrsatadi, ular yuzasidan hisobotlar qiladi;
xalqaro valyuta-kredit bozorlarida operatsiyalar bajaradi;
kontrakt shartlarini bajarishlari vaqtida chet el banklari, konsernlari, firmalari va boshqa sheriklar aybi bilan olinmay qolgan mablagʻlarni undirishga koʻmaklashadi;
hukumatlararo bitimlarning toʻlov shartlarini ishlab chiqishda qatnashadi;
ustavda nazarda tutilgan boshqa vazifalarni ham bajaradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan tasdiqlanadigan va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan roʻyxatga olinadigan oʻz ustavi asosida amal qiladi.
