19-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklari faoliyatining tartibga solib turilishi
Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida (205-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki oʻzining ish faoliyatida tijorat banklarining ishlashi va banklar oʻrtasida halol raqobat prinsiplari joriy etilishi uchun shart-sharoitlar yaratilishiga yordam beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklarining kundalik faoliyatiga aralashmaydi.
2. Tijorat banklarining moliyaviy jihatdan mustahkamligini taʼminlash, ularning kredit oluvchilari va omonatchilarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklari uchun quyidagi iqtisodiy normativlarni belgilaydi:
— ustav fondining eng kam miqdori tijorat banklari uchun 100 million soʻm, kooperativ va xususiy banklar uchun —50 million soʻmga teng boʻlib, muassislar bank ish boshlaguniga qadar uni toʻlashlari kerak. Bundan buyon “100” va “50” koʻrsatkichlari pul qadrsizlanishining indeksini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasida eng kam oylik ish haqining oʻsishiga mos ravishda aniqlashtirib boriladi.
— bankning oʻz mablagʻlari miqdori bilan uning aktivlari summasi oʻrtasidagi yoʻl qoʻyiladigan eng katta nisbat;
— Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga joylashtiriladigan majburiy rezervlarning miqdori;
— bir qarz oluvchiga tavakkal qilib beriladigan qarzning eng katta miqdori;
— balans barqarorligining koʻrsatkichi;
fuqarolar omonatlari sugʻurtasining umumiy bank fondiga va oʻz rezerv fondiga foydadan ajratmalar normativlari;
valyuta va kurs tavakkallari miqdorlarini cheklash.
3. Tijorat banki iqtisodiy normativlarni buzgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki ana shu holga barham berish muddatlari va shartlarini belgilaydi.
Normativlar muntazam ravishda buzilgan, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining bank operatsiyalarini normativlarga muvofiqlashtirish muddatlari va shartlariga doir koʻrsatmalari bajarilmagan, yil zarar koʻrib yakunlangach, bank kreditorlari manfaatlariga xavf soladigan ahvol yuzaga kelgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banki muassislari (qatnashchilari) oldiga yoki, basharti bank davlat-tijorat banki boʻlsa, tegishli idora oldiga:
— bankni moliyaviy jihatdan sogʻlomlashtirish chora-tadbirlarini koʻrish;
— bankni qayta tashkil etish;
— bankni tugatish haqida masala qoʻyishi mumkin.
