20-modda. Tijorat bankining vazifalari
Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida (205-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
Tijorat (aksiyali, pay asosidagi va xususiy) banklar yuridik va xususiy shaxslarga ushbu Qonunda nazarda tutilgan operatsiyalarni bajarish va xizmatlar koʻrsatish orqali shartnoma asoslarida kredit-hisob-kitob va oʻzga xil bank xizmati koʻrsatadilar.
Tijorat banklari ustav kapitali kimga qarashli ekanligiga va uni shakllantirish uslubiga qarab, bajarilayotgan operatsiyalarning turi, faoliyat koʻrsatish hududi va tarmoq belgisiga qarab bir-biridan farqlanadi.
Respublika, mintaqa dasturlari va oʻzga dasturlarni pul bilan taʼminlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartib va shartlarda maxsus tijorat banklari tashkil etilishi mumkin.
Tijorat banklari Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankidan tegishli litsenziya olganlaridan keyin chet el valyutasida operatsiyalar amalga oshiradilar.
