24-modda. Sugʻurtalovchining regress tartibida talab qilish huquqi
Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-155-son) · Sana: 21.04.2008 · Amalda
Sugʻurtalovchi zarar yetkazgan shaxsga (sugʻurta qildiruvchiga, fuqarolik javobgarligi majburiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurtalangan boshqa shaxsga) oʻzi toʻlagan sugʻurta toʻlovi miqdorida quyidagi hollarda regress tartibida talab qilish huquqiga ega, agar:
mazkur shaxsning qasdi oqibatida jabrlanuvchining hayoti, sogʻligʻi va (yoki) mol-mulkiga zarar yetkazilgan boʻlsa;
zarar transport vositasi mazkur shaxs tomonidan mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki shaxsning aql-idrokiga taʼsir koʻrsatuvchi boshqa moddalar taʼsiri ostida boshqarilayotganda yetkazilgan boʻlsa;
mazkur shaxs oʻzi foydalanayotganda zarar yetkazgan transport vositasini boshqarish huquqiga ega boʻlmagan boʻlsa;
mazkur shaxs yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan joydan yashiringan boʻlsa;
mazkur shaxs transport vositasini boshqarishga ruxsat etilgan shaxs sifatida majburiy sugʻurta shartnomasiga kiritilmagan boʻlsa (transport vositasidan faqat majburiy sugʻurta shartnomasida koʻrsatilgan haydovchilar foydalanishi sharti bilan majburiy sugʻurta shartnomasi tuzilganda);
mazkur shaxs yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisidagi xabarnoma tuzilganidan keyin toʻrt soat ichida mastlik holatini aniqlash uchun tibbiy tekshiruvdan oʻtish choralarini koʻrmagan boʻlsa yoki yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisidagi xabarnomani sugʻurtalovchiga uzrli sabablarsiz oʻz vaqtida taqdim etmagan boʻlsa;
sugʻurta hodisasi mazkur shaxs transport vositasidan majburiy sugʻurta shartnomasida nazarda tutilmagan aniq davrda foydalanayotganda sodir boʻlgan boʻlsa (transport vositasidan majburiy sugʻurta shartnomasida nazarda tutilgan davrda foydalanish sharti bilan majburiy sugʻurta shartnomasi tuzilganda). Bunda sugʻurtalovchi mazkur shaxsdan sugʻurta hodisasini koʻrib chiqishda qilingan xarajatlarni qoplashni ham talab qilishga haqlidir.
Zarar yetkazgan shaxsning yoki jabrlanuvchining qasdi oqibatida zarar yetkazilgani sud tartibida aniqlanadi.
