25-modda. Kompensatsiya toʻlovlarini olish huquqi
Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-155-son) · Sana: 21.04.2008 · Amalda
Jabrlanuvchining hayoti, sogʻligʻi va (yoki) mol-mulkiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash hisobiga kompensatsiya toʻlovi majburiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta toʻlovi quyidagilar oqibatida toʻlanishi mumkin boʻlmagan hollarda amalga oshiriladi:
sugʻurtalovchiga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomili qoʻllanilganligi;
jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar uchun javobgar shaxsning nomaʼlumligi;
transport vositasi uni gʻayriqonuniy yoʻl bilan, egallab olgan shaxs tomonidan foydalanilganligi natijasida zarar yetkazilganligi;
foydalanilayotganda zarar yetkazgan transport vositasining egasi oʻz fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish boʻyicha majburiyatini bajarmaganligi.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashab turgan yoki joriy kalendar yilda yakunlanayotgan har qanday ketma-ketlikdagi oʻn ikki oylik davr ichida jami bir yuz sakson uch kun va undan ortiq muddat Oʻzbekiston Respublikasida turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar kompensatsiya toʻlovlarini olish huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha turgan chet davlatlar fuqarolari kompensatsiya toʻlovlarini olish huquqiga, agar shu chet davlatlarning qonunchiligiga muvofiq shunday huquq Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga berilgan boʻlsa, egadir.
Kompensatsiya toʻlovlarini amalga oshirish toʻgʻrisidagi talab jabrlanuvchining hayoti, sogʻligʻi va (yoki) mol-mulkiga zarar yetkazilgan kundan eʼtiboran uch yil ichida bildirilishi mumkin.
