23-modda. Sugʻurta tovonini toʻlash
Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-155-son) · Sana: 21.04.2008 · Amalda
Sugʻurta tovoni yetkazilgan zarar miqdorida, lekin sugʻurta summasidan oshmagan miqdorda sugʻurtalovchi tomonidan bevosita jabrlanuvchiga (uning merosxoʻriga yoki huquqiy vorisiga) toʻlanadi.
Agar sugʻurta qildiruvchi (fuqarolik javobgarligi majburiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurtalangan boshqa shaxs) jabrlanuvchiga yetkazilgan zararning oʻrnini sugʻurtalovchining yozma roziligi bilan oʻz hisobidan qoplasa, sugʻurta qildiruvchi (fuqarolik javobgarligi majburiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurtalangan boshqa shaxs) yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash tartibida oʻzi amalga oshirgan toʻlovlarni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etganidan keyin sugʻurtalovchi sugʻurta qildiruvchiga sugʻurta toʻlovini toʻlaydi.
Agar sugʻurta qildiruvchi (fuqarolik javobgarligi majburiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurtalangan boshqa shaxs) transport vositasidan foydalanish natijasida yetkazilgan zararning oʻrnini jabrlanuvchiga (uning merosxoʻriga yoki huquqiy vorisiga) sugʻurtalovchining yozma roziligisiz har qanday usulda qoplasa yoki qoplashni vaʼda qilsa, sugʻurta qildiruvchining (fuqarolik javobgarligi majburiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurtalangan boshqa shaxsning) bu harakatlari sugʻurtalovchi uchun majburiyatlarni keltirib chiqarmaydi.
Jabrlanuvchi (uning merosxoʻri) hayoti yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash hisobiga boshqa manbalardan olgan toʻlovlar sugʻurtalovchining sugʻurta tovonini toʻlash boʻyicha majburiyatini kamaytirmaydi.
Sugʻurta qildiruvchi (fuqarolik javobgarligi majburiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurtalangan boshqa shaxs) sugʻurta hodisasi sodir boʻlganda zararni bartaraf qilish va (yoki) kamaytirish choralarini koʻrganligi yoxud jabrlanuvchiga kechiktirib boʻlmaydigan yordam koʻrsatganligi sugʻurtalovchi ushbu Qonunda oʻzi uchun belgilangan majburiyatlarni bajarishni rad etishiga asos boʻlolmaydi.
Agar majburiy sugʻurta obyekti bir vaqtning oʻzida ixtiyoriy sugʻurta boʻyicha ham sugʻurtalangan boʻlsa, ixtiyoriy sugʻurta boʻyicha sugʻurta tovoni majburiy sugʻurta boʻyicha sugʻurta tovonini toʻlash shartlaridan qatʼi nazar toʻlanadi.
Agar sugʻurta hodisasi sodir boʻlishi natijasida jabrlanuvchi halok boʻlgan yoki uning sogʻligʻiga zarar yetkazilgan boʻlsa, sugʻurta tovoni ushbu Qonunning 22-moddasi talablari inobatga olinmagan holda, shunday hodisa uchun toʻlovni nazarda tutuvchi barcha turdagi sugʻurta shartnomalariga muvofiq toʻlanadi.
