2-modda. Korxonaning turlari
Oʻzbekiston Respublikasidagi korxonalar toʻgʻrisida (229-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
1. “Oʻzbekiston Respublikasida mulkchilik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilab qoʻyilgan mulk shakllariga muvofiq quyidagi turdagi korxonalar ish olib borishi mumkin:
jismoniy shaxslarning xususiy mulkiga asoslangan korxonalar;
shirkat (jamoa) mulkiga asoslangan jamoa, oila, mahalla korxonalari, ishlab chiqarish kooperativlari; xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlariga jamoat tashkilotlari va diniy tashkilotlarga qarashli korxonalar hamda jamoa mulkining boshqa shakllariga asoslangan korxonalar;
davlat mulkiga asoslangan respublika davlat korxonalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat korxonalari, viloyatlararo, viloyat, tumanlararo, tuman, shahar davlat korxonalari va boshqa turdagi korxonalar;
aralash mulkka asoslangan davlatlararo va qoʻshma korxonalar hamda mulkchilikning turli shakliga mansub, toʻliq yoki hissabay yoʻsinda ishtirok etishga asoslangan boshqa korxonalar;
2. Mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, korxona ishlovchilar soniga qarab kichik yoki oʻrta korxonalar jumlasiga kiritilishi mumkin, bunday korxonalarni barpo etish va ular faoliyatining oʻziga xos jihatlari, maqomi, ularni roʻyxatga olish shartlari, shuningdek korxonalarni bu turga kiritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Qoraqalpogʻiston ASSR Vazirlar Kengashi tomonidan tartibga solinadi.
Oʻzbekiston Respublikasida korxonalarning respublika qonun hujjatlariga zid boʻlmagan holda tuzilgan boshqa turlari ham ish olib borishi mumkin.
