3-modda. Korxonalarning xoʻjalik uyushmalari
Oʻzbekiston Respublikasidagi korxonalar toʻgʻrisida (229-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
1. Mulkchilikning barcha shakliga mansub korxonalar ixtiyoriylik asosida faoliyatni muvofiqlashtirish, oʻz huquqlarining himoya qilinishini taʼminlash, tegishli davlat idoralari va boshqa idoralarda, shuningdek xalqaro tashkilotlarda umumiy manfaatlarni ifoda etish maqsadida xoʻjalik uyushmalariga: ittifoqlarga, konsernlarga, konsorsiumlarga hamda tarmoq prinsiplari, hududiy yoki boshqa prinsiplar asosida oʻzga birlashmalarga uyushishlari mumkin. Koʻrsatib oʻtilgan tarkibiy boʻlinmalarni barpo etish Oʻzbekiston Respublikasining tegishli qonun hujjatlarida belgilangan monopoliyaga qarshi talablar hisobga olingan holda amalga oshiriladi. Koʻngilli xoʻjalik uyushmalari davlat roʻyxatidan oʻtishi kerak va ularning faoliyati ushbu Qonun bilan tartibga solinadi.
2. Uyushma, birlashma uni taʼsis etuvchilar tasdiqlaydigan ustav asosida ish olib boradi. Uyushmalar tarkibiga kirgan korxonalar oʻz mustaqilliklarini, huquqiy shaxs huquqlarini saqlab qoladilar va ushbu Qonun ularga nisbatan ham amal qiladi.
3. Uyushma, birlashma oʻz tarkibiga kiruvchi korxonalar majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi, korxonalar esa, taʼsis shartnomasi (ustavda) oʻzga holat koʻzda tutilgan boʻlmasa, uyushma majburiyati yuzasidan javob bermaydi.
4. Uyushmaga kirgan korxonalar uyushma tarkibidagi korxonalar oldidagi majburiyatlarini tuzilgan shartnomalarga muvofiq saqlab qolgan holda uning tarkibidan chiqishga haqlidir.
5. Assotsiatsiya, birlashma uning tarkibiga kiruvchi korxonalarning, sud yoki xoʻjalik sudining qaroriga binoan tugatiladi. Uyushma korxonani tugatish uchun belgilab qoʻyilgan tartibda tugatiladi. Uyushma tugatilganidan keyin qolgan mol-mulk uyushmaning ustaviga muvofiq uning qatnashchilari oʻrtasida taqsimlanadi.
