19-modda. Mijozning huquqlari
Avtomobil transporti toʻgʻrisida (674-I-son) · Sana: 29.08.1998 · Amalda
Mijoz quyidagi huquqlarga ega:
tashuvchi toʻgʻrisida zarur boʻlgan axborotni olish;
tashuvchini erkin tanlash va tashish uchun shartnoma tuzish;
qoidalarda yoki tashish shartnomasida belgilangan tarzda tashuvchi tomonidan oʻz vaqtida va sifatli xizmat koʻrsatilishidan bahramand boʻlish;
tashish tufayli yetkazilgan ziyonni va maʼnaviy zararni qonunchilikka muvofiq toʻlattirish va qoplattirish;
tashish shartnomasida koʻrsatib oʻtilgan shartlar tashuvchi tomonidan buzilgan taqdirda xizmatlar koʻrsatilishidan voz kechish;
oʻz huquqlari buzilgan taqdirda vakolatli davlat organlariga yoki sudga murojaat qilish;
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa huquqlardan foydalanish.
Yoʻlovchilar tashish chogʻida yoʻlovchi quyidagi huquqlarga ham ega:
yoʻlovchilar tashish uchun ochiq boʻlgan har qanday yoʻnalishga chipta sotib olish, chiptada belgilangan joyni egallash;
shahar va shahar atrofi yoʻnalishlaridagi avtobuslarda yetti yoshgacha boʻlgan bolalarni oʻzi bilan bepul olib yurish;
shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlardagi avtobusda besh yoshgacha boʻlgan bir bolani alohida joy berilmagan holda bepul olib yurish, besh yoshdan oʻn yoshgacha boʻlgan bola uchun alohida joy berilgan holda chipta toʻliq qiymatining 50 foizini toʻlab chipta sotib olish va oʻn yoshgacha boʻlgan ikki yoki undan ortiq bola olib yurilganda ulardan biri bepul olib yuriladi, qolganlari uchun — alohida joy berilgan holda chipta toʻliq qiymatining 50 foizini toʻlab chipta sotib olinadi;
shahar va shahar atrofi yoʻnalishlarida yigirma kilogrammdan oshmaydigan ogʻirlikdagi bagajni, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlarda — belgilangan oʻlchamlardagi bagajning bir oʻrnini oʻzi bilan bepul, koʻrsatib oʻtilgan normalardagidan ortiqcha bagajni esa — haq evaziga olib yurish;
tashish boshlanmasidan oldin chiptani topshirish va uning uchun toʻlangan summani qaytarib olish. Toʻlangan summaning tashuvchi tomonidan qaytarilish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi;
yoʻlovchilarni tashuvchi reyslar kechikkan yoki bekor qilingan taqdirda yetkazilgan ziyonni va maʼnaviy zararni qonunchilikka muvofiq toʻlattirish va qoplattirish.
Ushbu modda ikkinchi qismining uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida berilgan imtiyozlarni tatbiq qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda tashuvchining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
