6-modda. Maxsus vakolatli organning vakolatlari
Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida (O‘RQ-117-son) · Sana: 02.10.2007 · Amalda
Maxsus vakolatli organ:
avtomobil yoʻllari sohasida yagona texnika siyosatini amalga oshiradi;
avtomobil yoʻllari tarmoqlarini rivojlantirish va takomillashtirish istiqbollarini belgilaydi;
avtomobil yoʻllarini rivojlantirish davlat dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
avtomobil yoʻllarini loyihalash sohasidagi normalar va standartlarga rioya etilishini taʼminlaydi;
avtomobil yoʻllarining xalqaro tranzit yoʻlaklarini shakllantiradi;
avtomobil yoʻllarini moliyalashtirish, loyihalash, qurish, taʼmirlash va ulardan foydalanish tartibi masalalari kompleks hal etilishini taʼminlaydi, shuningdek buyurtmachi xizmatining faoliyatini tashkil etadi;
avtomobil yoʻllarining hududiy arxitektura-badiiy tuzilishiga va landshaft dizayniga taalluqli zamonaviy yondashuvlarni shakllantirish hamda amalga oshirish boʻyicha yagona davlat siyosatini oʻtkazadi;
avtomobil yoʻllariga tutash hududlarni transportning ifloslantirishidan va tashlanmalaridan muhofaza qilishning zamonaviy usullari hamda texnologiyalarini joriy etadi;
avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va saqlash sifati ustidan nazoratni amalga oshiradi;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarining davlat kadastrini yuritadi;
xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllarining, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar koʻchalarining hisobi yuritilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllarining, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar koʻchalarining mavjud tarmogʻi saqlanishini taʼminlash ishlarini muvofiqlashtiradi, ularning holati tegishli transport-foydalanish darajasida boʻlishini taʼminlaydi;
avtomobil yoʻllari sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, loyihalash, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash, saqlash, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirishda innovatsion texnologiyalarni, shuningdek zamonaviy standartlarni joriy etadi;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari roʻyxati boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
avtomobil yoʻllari sohasida kadrlarni tayyorlashni, qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni, shu jumladan xorijda oʻquv stajirovkasi va seminarlar oʻtkazilishini tashkil etadi.
Maxsus vakolatli organ qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
