14-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ratifikatsiya qilinadigan xalqaro shartnomalari
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida (172-I-son) · Sana: 22.12.1995 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari Oliy Majlis tomonidan ratifikatsiya qilinadi.
Quyidagilar: Oʻzbekiston Respublikasining hamkorlik va oʻzaro yordam toʻgʻrisidagi shartnomalari; davlatlararo munosabatlarning asoslari toʻgʻrisidagi shartnomalar; Oʻzbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyatiga daxldor masalalar boʻyicha shartnomalar; kuch ishlatishdan yoki kuch ishlatish bilan tahdid qilishdan oʻzaro voz kechish toʻgʻrisidagi shartnomalar; tinchlik shartnomalari va kollektiv xavfsizlik toʻgʻrisidagi shartnomalar; Oʻzbekiston Respublikasining boshqa davlatlar bilan hududiy chegaralanishi toʻgʻrisidagi shartnomalar; Oʻzbekiston Respublikasining davlatlararo ittifoqlarda, xalqaro tashkilotlarda va boshqa birlashmalarda ishtiroki toʻgʻrisidagi shartnomalar; ijrosi amaldagi qonunlarning oʻzgartirilishini yoki yangi qonunlar qabul qilinishini taqozo etadigan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalarni belgilaydigan xalqaro shartnomalar ratifikatsiya qilinadi.
Tuzish vaqtida tomonlar kelgusida uni ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida kelishib olgan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari ham xuddi shunday ratifikatsiya qilinadi.
Oliy Majlis Oʻzbekiston Respublikasining boshqa xalqaro shartnomalarini ham ratifikatsiya qilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan yoki u vakolat bergan organlar tomonidan xalqaro moliya institutlari bilan tuzilgan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro zayom va kafolatli shartnomalari ratifikatsiya qilinmaydi va Oʻzbekiston Respublikasi uchun imzolangan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi.
