Naslchilik toʻgʻrisida (165-I-son)
21.12.1995
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
1-modda. Naslchilikning asosiy vazifalari
Quyidagilar naslchilikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
hayvonlarning nasldorlik va mahsuldorlik sifatlarini yaxshilash maqsadida naslchilik resurslarini yaratish, saqlash, takror koʻpaytirish va ulardan oqilona foydalanish;
seleksiya jarayonida foydalaniladigan naslchilik resurslarining kelib chiqishi aniq hisobga olinishini, mahsuldorligini, tipi va boshqa sifatlari boʻyicha baholanishini taʼminlash;
nasldor erkak hayvonlarni avlodining sifatiga koʻra sinovdan oʻtkazish;
yangi foydali genetik belgilarga ega boʻlgan hayvonlar olish;
seleksiya ishida jahondagi eng qimmatli genofonddan samarali foydalanish;
muayyan joyga xos va mamlakatimizdagi yoʻq boʻlib borayotgan zotlar genofondini saqlab qolish;
mahsulot yetishtiriladigan podalarda hayvonlarning nasldorlik va mahsuldorlik sifatlarini oshirish hamda sermahsul hayvonlarni jadal koʻpaytirish;
butun chorvachilik tarmogʻining iqtisodiy samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirish.
2-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllanilmoqda:
naslchilik — seleksiya maqsadida nasldor hayvonlarni urchitish, naslli mahsulot (material) yetishtirish va undan foydalanish;
nasldor hayvon — kelib chiqishi hujjatlar bilan tasdiqlangan, muayyan zotni takror koʻpaytirish uchun foydalaniladigan va belgilangan tartibda roʻyxatga olingan hayvon;
naslli mahsulot (material) — nasldor hayvon, uning urugʻi va embrionlari, nasldor tuxum, ipak qurti urugʻi;
bonitirovka — hayvonlarning nasldorlik va mahsuldorlik sifatlarini baholash;
genofond (kam sonli) zot — muayyan zotga mansub va yoʻq boʻlib ketish xavfi ostidagi kam uchraydigan hayvonlar guruhi;
nasldor hayvonlar va nasldor podalarni davlat roʻyxatiga olish — kelib chiqishini aniqlash va mahsuldorligini belgilash maqsadida nasldor hayvonlar hamda nasldor podalar haqidagi maʼlumotlarni hisobga olish;
sertifikat — nasldor hayvonning kelib chiqishi, mahsuldorligi va boshqa sifatlarini, shuningdek urugʻ yoki embrionning sifatini tasdiqlovchi hujjat.
3-modda. Naslchilik obyektlari
Nasldor hayvonlar — qoramollar, qoʻylar, echkilar, otlar, tuyalar, choʻchqalar, shuningdek parrandalar, baliqlar, asalarilar, ipak qurti, yovvoyi hayvonlar (bundan buyon matnda hayvonlar deb yuritiladi) va ularning naslli mahsuloti naslchilik obyektlari hisoblanadi.
4-modda. Naslchilik subyektlari
Naslchilik ishi bilan shugʻullanuvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari, korxonalar va xoʻjaliklar, seleksiya markazlari, ippodromlar, immunogenetik nazorat laboratoriyalari, nazorat-sinov stansiyalari, embrionlarni koʻchirib oʻtkazish (transplantatsiya) markazlari hamda boshqa yuridik va jismoniy shaxslar — naslli mahsulot egalari naslchilik subyektlari hisoblanadi.
5-modda. Naslchilik toʻgʻrisidagi qonunchilik
Naslchilik sohasidagi munosabatlar ushbu Qonun va boshqa normativ hujjatlar bilan tartibga solinadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida naslchilik sohasidagi munosabatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonunchiligi bilan ham tartibga solinadi.
6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasining naslchilik sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi:
naslchilik subyektlarini davlat attestatsiyasidan oʻtkazadi va naslchilik xoʻjaliklarining maqomi toʻgʻrisidagi guvohnomani beradi;
nasldor hayvonlar va nasldor podani tegishliligi boʻyicha davlat nasldor hayvonlar kitobiga hamda davlat naslchilik registriga kiritadi;
sunʼiy urugʻlantirishni tashkil etadi, naslchilik-seleksiya ishlarini takomillashtiradi;
chorvachilikda sof genofondni saqlab qolish va rivojlantirish uchun ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan ishlab chiqilgan naslchilik-seleksiya dasturlarini amaliyotga tatbiq etadi hamda muvofiqlashtiradi;
chorvachilikda naslchilik ishini va nasldorlik sifatini yaxshilash uchun naslchilik resurslarini yaratadi, saqlaydi, koʻpaytiradi hamda ulardan oqilona foydalanadi.
7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining naslchilik sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi:
zotli mollar yetkazib beruvchi korxonalar hamda ularning isteʼmolchilari tomonidan hayvonlarning sifat (nasldorlik) koʻrsatkichlari toʻgʻri aniqlanganligi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
zotli mollardan oqilona foydalanilishi, hayvonlar va ularning urugʻlari eksport va import qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
chorvachilikda naslchilik ishlarining hisobi yuritilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
davlat, idoraviy va xususiy sektorlardagi chorvachilikda naslchilik ishlari boʻyicha mutaxassislar faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi, ularning faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
qishloq xoʻjaligi hayvonlarini zoti boʻyicha rayonlashtirish rejalarining bajarilishini tekshiradi;
nasldor hayvonlarning, naslchilik xoʻjaliklarining va podalarning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini, seleksiya jarayonida foydalanadigan naslchilik resurslarining kelib chiqishi, mahsuldorligi hisobga olinishining, turi va boshqa sifatlari boʻyicha baholanishining ishonchliligi taʼminlanishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
chorvachilikda naslchilik ishlari xoʻjaliklariga yer uchastkalari ajratilishi va ulardan samarali foydalanilishi, omuxta yem korxonalari tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarning sifat koʻrsatkichlari ustidan nazoratni amalga oshiradi;
naslchilik mahsulotini (materialini) yetishtirish va uning texnologik jarayonlarini tashkil etish muvofiqlashtirilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi organlari xodimlarining huquqlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi organlarining xodimlari oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
idoraviy mansubligidan qatʼi nazar naslchilik tashkilotlariga moneliksiz kirish va ulardan zarur axborotni olish;
naslchilik tashkilotlariga qoidabuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan koʻrsatmalar berish va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda, naslli mahsulotni (materialni) realizatsiya qilishni toʻxtatib turish;
hayvonlar seleksiyasi, naslli mahsulotni (materialni) takror koʻpaytirish sohasida yangi texnologiyalarning va biotexnologiya usullarining qoʻllanilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
naslli mahsulotning (materialning) sertifikatsiz realizatsiya qilinishiga va undan boshqacha tarzda foydalanilishiga yoʻl qoʻymaslik;
naslchilik subyektlari oʻrtasida yuzaga keladigan nizolar boʻyicha xulosalar berish.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi organlarining xodimlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
10-modda. Naslchilik subyektlarining huquqlari
Naslchilik subyektlari quyidagi huquqlarga ega:
naslchilikni rivojlantirishga qaratilgan kuch-gʻayratlarni birlashtirish maqsadida hayvonlarni urchitish boʻyicha uyushmalarga, jamiyatlarga kirish, naslchilik sohasidagi davlat dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etish;
seleksiya yutuqlaridan qonunchilikda belgilangan tartibda foydalanish;
naslli mahsulot (material) savdo-koʻrgazmalarida (kimoshdi savdolarida), koʻrgazmalari va koʻriklarida ishtirok etish;
naslli mahsulotni (materialni) qonunchilikda belgilangan tartibda sotish va sotib olish;
qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa harakatlarni amalga oshirish.
11-modda. Naslchilik subyektlarining burchlari
Naslchilik subyektlari:
naslchilik hisob-kitobini va hujjatlarini yuritishlari;
naslchilik resurslari yaxshilanishini, saqlanishini, takror koʻpaytirilishini va ulardan oqilona foydalanilishini taʼminlashlari;
hayvonlar mahsuldorligi hisob-kitobini yuritish, tipi boʻyicha tasniflash, kelib chiqishini genetik ekspertiza qilish va ularni oʻz mahsuldorligi hamda avlodining sifati boʻyicha baholash talablarini bajarishlari;
xoʻjalikni attestatsiyadan oʻtkazish, nasldor erkak hayvonlarni aprobatsiya qilish uchun va takror koʻpaytirish maqsadida ulardan foydalanishga ruxsatnoma olish uchun hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasiga taqdim etishlari;
urugʻ olish uchun faqat takror koʻpaytirishga ruxsat etilgan nasldor erkak hayvonlardan foydalanishlari, urugʻ va embrionlarni texnologik va veterinariya-sanitariya talabnomalarida belgilangan shart-sharoitda tayyorlashlari, identifikatsiyalashlari va saqlashlari;
naslli mahsulotning (materialning) sifatini kafolatlashlari shart.
12-modda. Naslli mahsulotga (materialga) egalik huquqi
Naslli mahsulot (material) davlatning, nasldor hayvonlarni urchitish va ulardan foydalanish bilan shugʻullanayotgan yuridik hamda jismoniy shaxslarning mulki boʻlishi mumkin.
13-modda. Naslchilikda intellektual mulk
Nasldor hayvonlar seleksiyasida erishilgan yutuqlarning natijalari intellektual mulk obyekti hisoblanadi, ularga mualliflik va ulardan foydalanish qonunchilik bilan belgilab qoʻyiladi.
14-modda. Naslli mahsulotni (materialni) eksport va import qilish
Naslli mahsulotni (materialni) eksport va import qilish Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda amalga oshiriladi.
15-modda. Nasldor hayvonlarni, naslchilik xoʻjaliklari va podalarini davlat roʻyxatiga olish
Nasldor hayvonlarni, naslchilik xoʻjaliklari va podalarini davlat roʻyxatiga olish tegishincha davlat nasldor hayvonlar kitobida va davlat naslchilik registrida qayd etish orqali amalga oshiriladi.
Davlat nasldor hayvonlar kitobi toʻgʻrisidagi nizom va davlat naslchilik registri toʻgʻrisidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi.
16-modda. Naslli mahsulotni (materialni) sertifikatlashtirish
Naslli mahsulot (material) naslchilikning belgilangan standartlari, normalari va qoidalariga muvofiqligi toʻgʻrisida majburiy sertifikatlashtirilishi lozim.
Naslli mahsulotni (materialni) sertifikatlashtirish nasldor hayvonlarning kelib chiqishini, mahsuldorligini, ularda genetik nuqsonlar yoʻqligini, shuningdek urugʻ yoki embrionlarning kelib chiqishi va sifatini aniqlash hamda hujjatlar bilan tasdiqlash maqsadida oʻtkaziladi.
Naslli mahsulotni (materialni) sertifikatlashtirish davlat naslchilik xizmatining tegishli organlari tomonidan “Oʻzstandart” agentligida akkreditatsiya qilingan seleksiya markazlari, chorvachilik nazorat-sinov stansiyalari, ippodromlar, sut, jun sifatining seleksiya nazorati laboratoriyalari va immunogenetik ekspertiza laboratoriyalari ishtirokida amalga oshiriladi.
Naslli mahsulotni (materialni) sertifikatlashtirishdan oʻtkazish tartibini Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi belgilaydi.
17-modda. Naslchilik boʻyicha davlat tarmoq dasturlarini ishlab chiqish va ularni mablagʻ bilan taʼminlash
Naslchilik xoʻjaliklarining hammasi oʻz faoliyatini toʻla xoʻjalik hisobida amalga oshiradi qonunchilik hujjatlarida va belgilanadigan imtiyozlardan foydalanadi.
Naslchilik boʻyicha davlat tarmoq dasturlarini ishlab chiqish va ularni mablagʻ bilan taʼminlash Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda amalga oshiriladi.
18-modda. Naslchilik sohasidagi ilmiy tadqiqotlar
Naslchilikni ilmiy jihatdan taʼminlashni Fanlar akademiyasi hamda ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy taʼlim tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot muassasalarining seleksiya markazlari amalga oshiradilar, ular davlat naslchilik xizmati va idoralar bilan birgalikda quyidagilarni ishlab chiqadilar:
naslchilikka oid davlat ilmiy-texnika dasturlarini;
hayvonlar va parrandalarning mavjud zotlari, tiplari, liniyalari hamda krosslarini takomillashtirish va yangilarini yaratish, naslchilik resurslari genofondini saqlash va ulardan oqilona foydalanishga doir seleksiya-genetik dasturlarini;
seleksiya jarayoni samaradorligini oshirish, hayvonlarni takror koʻpaytirish, ularning mahsuldorligini oshirish usullari va yoʻllarini;
naslli mahsulotni (materialni) baholash va genetik nazorat qilish uchun uslubiyotlar, texnika vositalari va nazorat-oʻlchov asbob-uskunalarini;
naslchilikka oid axborot bilan taʼminlash tizimlarini.
19-modda. Nasldor hayvondan foydalanish shartlari
Nasldor hayvondan, agar u:
tamgʻalangan yoki hayvonning kelib chiqishini aniq identifikatsiya qilish imkonini beradigan biron-bir boshqa yoʻsinda unga belgi qoʻyilgan boʻlsa;
roʻyxatdan oʻtkazilgan va unga sertifikat olingan boʻlsa, zotni takror koʻpaytirish maqsadida foydalaniladi.
20-modda. Nasldor hayvonlarning urugʻi va embrionlaridan foydalanish shartlari
Nasldor hayvonlarning urugʻi va embrionlaridan, agar ular:
qishloq xoʻjalik hayvonlarini sunʼiy urugʻlantirish va embrionlarini koʻchirib oʻtkazish bilan shugʻullanuvchi tashkilotlarda olingan boʻlsa;
belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan nasldor hayvonlardan olingan boʻlsa;
identifikatsiya qilish maqsadida aniq belgi qoʻyilgan boʻlsa;
sertifikatga ega boʻlsa, foydalaniladi.
Nasldor hayvonlarning urugʻi va embrionlari qishloq xoʻjalik hayvonlarini sunʼiy urugʻlantirish va embrionlarini koʻchirib oʻtkazish bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar tomonidan boshqa shaxslarga realizatsiya qilinishi yoki oʻtkazilishi mumkin.
21-modda. Naslli mahsulot (material) bonitirovkasi
Naslli mahsulot (material) bonitirovkasi naslchilik bilan shugʻullanuvchi barcha tashkilotlarda har yili oʻtkaziladi.
Naslli mahsulot (material) bonitirovkasini oʻtkazish tartibi va shartlarini Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi belgilaydi.
22-modda. Nasldor erkak hayvonlarni baholash
Zotni takror koʻpaytirish uchun tanlab olingan nasldor erkak hayvonlar avlodining sifati va oʻz mahsuldorligi boʻyicha tekshirilishi hamda baholanishi lozim.
Nasldor erkak hayvonlarni tekshirish va baholashni naslchilik tashkilotlari nasldor hayvonlarning belgilangan mahsuldorlik darajasiga qarab oʻtkazadilar.
Nasldor erkak hayvonlarni tekshirish va baholash Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi tasdiqlaydigan uslubiyotga muvofiq oʻtkaziladi.
23-modda. Naslchilik sohasidagi nizolarni hal etish
Naslchilik sohasida kelib chiquvchi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
24-modda. Naslchilik toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Naslchilik toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
25-modda. Xalqaro shartnomalar va bitimlar
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari yoki bitimlarida ushbu Qonunda nazarda tutilganidan oʻzgacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma yoki bitim qoidalari qoʻllaniladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 21-dekabr,
165-I-son
