7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining naslchilik sohasidagi vakolatlari
Naslchilik toʻgʻrisida (165-I-son) · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi:
zotli mollar yetkazib beruvchi korxonalar hamda ularning isteʼmolchilari tomonidan hayvonlarning sifat (nasldorlik) koʻrsatkichlari toʻgʻri aniqlanganligi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
zotli mollardan oqilona foydalanilishi, hayvonlar va ularning urugʻlari eksport va import qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
chorvachilikda naslchilik ishlarining hisobi yuritilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
davlat, idoraviy va xususiy sektorlardagi chorvachilikda naslchilik ishlari boʻyicha mutaxassislar faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi, ularning faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
qishloq xoʻjaligi hayvonlarini zoti boʻyicha rayonlashtirish rejalarining bajarilishini tekshiradi;
nasldor hayvonlarning, naslchilik xoʻjaliklarining va podalarning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini, seleksiya jarayonida foydalanadigan naslchilik resurslarining kelib chiqishi, mahsuldorligi hisobga olinishining, turi va boshqa sifatlari boʻyicha baholanishining ishonchliligi taʼminlanishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
chorvachilikda naslchilik ishlari xoʻjaliklariga yer uchastkalari ajratilishi va ulardan samarali foydalanilishi, omuxta yem korxonalari tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarning sifat koʻrsatkichlari ustidan nazoratni amalga oshiradi;
naslchilik mahsulotini (materialini) yetishtirish va uning texnologik jarayonlarini tashkil etish muvofiqlashtirilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
