11-modda. Naslchilik subyektlarining burchlari
Naslchilik toʻgʻrisida (165-I-son) · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Naslchilik subyektlari:
naslchilik hisob-kitobini va hujjatlarini yuritishlari;
naslchilik resurslari yaxshilanishini, saqlanishini, takror koʻpaytirilishini va ulardan oqilona foydalanilishini taʼminlashlari;
hayvonlar mahsuldorligi hisob-kitobini yuritish, tipi boʻyicha tasniflash, kelib chiqishini genetik ekspertiza qilish va ularni oʻz mahsuldorligi hamda avlodining sifati boʻyicha baholash talablarini bajarishlari;
xoʻjalikni attestatsiyadan oʻtkazish, nasldor erkak hayvonlarni aprobatsiya qilish uchun va takror koʻpaytirish maqsadida ulardan foydalanishga ruxsatnoma olish uchun hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasiga taqdim etishlari;
urugʻ olish uchun faqat takror koʻpaytirishga ruxsat etilgan nasldor erkak hayvonlardan foydalanishlari, urugʻ va embrionlarni texnologik va veterinariya-sanitariya talabnomalarida belgilangan shart-sharoitda tayyorlashlari, identifikatsiyalashlari va saqlashlari;
naslli mahsulotning (materialning) sifatini kafolatlashlari shart.
