8-modda. Oʻsimliklar karantini davlat inspektorlari
Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida (113-I-son) · Sana: 31.08.1995 · Kuchini yo'qotgan
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini bosh davlat inspeksiyasining boshligʻi — Oʻzbekiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini bosh davlat inspektori, uning oʻrinbosarlari esa Oʻzbekiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini bosh davlat inspektorining oʻrinbosarlari hisoblanadilar.
Viloyatlar va Toshkent shahar oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyalarining boshliqlari viloyatlar va Toshkent shahar oʻsimliklar karantini bosh davlat inspektorlari, ularning oʻrinbosarlari esa — tegishincha viloyat va Toshkent shahar oʻsimliklar karantini bosh davlat inspektorlarining oʻrinbosarlari hisoblanadilar.
Tumanlar va shaharlar oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyalarining boshliqlari tuman va shahar oʻsimliklar karantini davlat inspektorlari hisoblanadilar.
Temir yoʻl stansiyalaridagi, aeroportlardagi, daryo portlaridagi, pochtamtlardagi, shosselardagi oʻsimliklar karantini chegara punktlarining mudirlari ham oʻsimliklar karantini davlat inspektorlari hisoblanadilar.
Oʻsimliklar karantini davlat inspektori quyidagi huquqlarga ega:
temir yoʻl stansiyalari va avtovokzallar (avtostansiyalar), aeroportlar, daryo portlari (pristanlari), pochtamtlar, omborlar, tegirmonlar hududiga, passajir va yuk vagonlariga, samolyotlarga, daryo floti kemalariga, koʻrgazmalar, botanika bogʻlari, ilmiy-tadqiqot institutlari, tajriba stansiyalari, fermer va dehqon xoʻjaliklari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning hududlariga, fuqarolarning tomorqa uchastkalariga, shuningdek urugʻlar, oʻsimliklar va oʻsimlik mahsulotlarini tayyorlash, qayta ishlash va realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi korxonalarga moneliksiz kirish;
laboratoriya ekspertizalari oʻtkazish uchun urugʻlardan, oʻsimliklardan va oʻsimlik mahsulotlaridan namunalar olish. Karantindagi va boshqa xavfli zararkunandalar, oʻsimlik kasalliklari va begona oʻtlar aniqlangan taqdirda mahsulotlarni olib chiqib ketib, ulardan foydalanishni cheklash va karantin tadbirlari tizimini bajarish yuzasidan kerakli topshiriqlar berish;
karantin oʻrnatilgan hududlardan karantin sertifikatlarisiz olib chiqilgan urugʻlarni, oʻsimliklarni va oʻsimlik mahsulotlarini ushlash, olib qoʻyish, zarurat boʻlsa, olib kelingan joyiga qaytarib yuborish;
bojxonalar, temir yoʻl stansiyalari, avtovokzallar (avtostansiyalar), aeroportlar, daryo portlari (pristanlari), pochtamtlar va boshqa tashkilotlarning maʼmuriyatidan kelayotgan va joʻnatilayotgan, ushbu Qonunning 2-moddasiga muvofiq karantin tadbirlari qoʻllaniladigan yuklar toʻgʻrisida maʼlumotlar talab qilish, zarur boʻlsa, ular tasarrufidagi hududda urugʻlarni, oʻsimliklarni va oʻsimlik mahsulotlarini koʻzdan kechirish hamda zararsizlantirish uchun transport vositalari, yordamchi ishchilar, xizmat binolari va yordamchi materiallar berishni talab qilish.
