8-modda. Deputatning hokimiyat vakillik organidagi faoliyatini amalga oshirish chogʻidagi huquq va majburiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasida Deputatlarning maqomi toʻgʻrisida (66-I-son) · Sana: 06.05.1995 · Amalda
Deputat tegishli hokimiyat vakillik organining sessiyalarida, oʻzi saylangan qoʻmitalar va komissiyalarning majlislarida qatnashishi, ularning ishida faol ishtirok etishi shart. Sessiyaga yoki qoʻmita, komissiya majlisiga yetib kelish imkoniyati boʻlmagan taqdirda deputat bu haqda tegishli hokimiyat vakillik organining yoki qoʻmitaning, komissiyaning rahbarlaridan biriga xabar qiladi.
Deputat tegishli hokimiyat vakillik organining sessiyasida koʻrib chiqilayotgan barcha masalalar boʻyicha hal qiluvchi ovoz huquqidan foydalanadi.
Deputat muhokama qilinayotgan masalalar yuzasidan bayon qilgan nuqtai nazari uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
Deputat:
tegishincha Oliy Majlis, Joʻqorgʻi Kenges, viloyat, tuman, shahar Kengashlari organlariga saylash va saylanishga;
tegishli vakillik organi qarab chiqishi uchun masalalar taklif etishga;
kun tartibi, muhokama qilinayotgan masalalarni koʻrib chiqish tartibi va ularning mohiyati yuzasidan takliflar kiritish va mulohazalar bildirishga;
qaror loyihalari va ularga kiritish uchun tuzatish taklif etishga;
tegishli vakillik organi tuzadigan organlarning shaxsiy tarkibi, ushbu vakillik organi saylab qoʻyadigan, tayinlaydigan yoki tasdiqlaydigan mansabdor shaxslarning nomzodlari xususida oʻz fikrini bildirishga;
muzokaralarda qatnashishga, soʻrov bilan murojaat qilishga, maʼruzachi va raislik qiluvchiga savollar berishga;
oʻz takliflarini asoslab berish uchun soʻzga chiqishga va ovoz berish sabablari xususida izoh berishga;
sessiyada hokimiyat vakillik organiga hisobdor yoki uning nazoratida boʻlgan har qanday organ yoxud mansabdor shaxsning hisobotini yoki axborotini eshitish toʻgʻrisida taklif kiritishga;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining ijro etilishini, tegishli hokimiyat vakillik organi qarorlarining bajarilishini tekshirish haqida koʻrib chiqish uchun masalalar taklif etishga;
oʻz nutqlarining stenogrammalardagi matnlari bilan tanishishga va eʼlon qilinmaydigan nutqlarning matnlari bilan belgilangan tartibda tanishishga haqlidir.
Deputat sessiyada muhokama qilinayotgan masala yuzasidan oʻz nutqi, taklifi va mulohazasining matnini sessiya stenogrammasiga kiritish uchun raislik qiluvchiga topshirishi mumkin.
