12-modda. Deputat soʻrovi
Oʻzbekiston Respublikasida Deputatlarning maqomi toʻgʻrisida (66-I-son) · Sana: 06.05.1995 · Amalda
Deputat soʻrovi — sessiyada davlat organlari yoxud mansabdor shaxslarga ijtimoiy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan rasmiy tushuntirish berish yoki oʻz nuqtai nazarini bayon qilib berish haqida qoʻyilgan talabdir.
Oliy Majlis, Joʻqorgʻi Kenges deputati tegishli oliy vakillik organining sessiyalarida tegishincha Oliy Majlisning Raisiga va Oʻzbekiston Respublikasining Hukumatiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Joʻqorgʻi Kengesi Raisiga va Vazirlar Kengashiga, vazirlarga, boshqa davlat organlari rahbarlariga soʻrov bilan murojaat qilish huquqiga egadir.
Oliy Majlis, Joʻqorgʻi Kenges deputati qonun hujjatlariga muvofiq davlat hokimiyatiga va boshqaruvi mahalliy organlariga, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning rahbarlariga soʻrov kiritishi mumkin.
Viloyat, tuman, shahar Kengashi deputati hokimga, hokim oʻrinbosarlariga, hokimlik boʻlimlari va boshqarmalarning rahbarlariga, shuningdek Kengash hududida joylashgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning rahbarlariga soʻrov bilan murojaat qilish huquqiga egadir.
Soʻrov deputat yoki bir guruh deputatlar tomonidan yozma ravishda yoxud ogʻzaki kiritilishi mumkin. Yozma ravishda kiritilgan soʻrov hokimiyat vakillik organining sessiyasida oʻqib eshittirilishi kerak.
Soʻrov qaratilgan davlat organi yoki mansabdor shaxs soʻrovga kechi bilan uch kunlik muddat ichida yoki tegishli hokimiyat vakillik organi belgilab qoʻygan boshqa muddatda sessiyada ogʻzaki yoki yozma ravishda javob berishi shart. Soʻrov munosabati bilan oʻtkazilgan muhokama natijasi boʻyicha qaror qabul qilinadi.
