10-modda. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining fuqaro muhofazasi sohasidagi vakolatlari
Fuqaro muhofazasi toʻgʻrisida (80-II-son) · Sana: 26.05.2000 · Amalda
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
fuqaro muhofazasi rejalarini ishlab chiqadilar va ularning tegishli hududda amalga oshirilishiga rahbarlik qiladilar;
tegishli hududdagi tashkilotlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan fuqaro muhofazasi tadbirlarining bajarilishini tashkil etadilar va nazorat qilib boradilar;
fuqaro muhofazasi kuchlari va vositalari tayyorlanishini hamda shay holatda saqlab turilishini taʼminlaydilar;
tashkilotlar rahbarlari va aholining zamonaviy qirgʻin vositalari qoʻllanilgan paytdagi himoyalanish usullariga oʻrgatilishini tashkil etadilar;
zamonaviy qirgʻin vositalari qoʻllanilgan sharoitda aholi hayot faoliyatining taʼminlanishini kafolatlovchi fuqaro muhofazasiga oid mol-mulk, moddiy-texnika, oziq-ovqat, tibbiy va boshqa xil zaxiralar hajmlarini belgilaydilar hamda ularning toʻplanishi, saqlanishi, yangilab borilishi va shay holatda saqlab turilishi uchun javob beradilar;
urush davrida, idoraviy boʻysunuvidan qati nazar, tashkilotlarning barqaror ishlashini taʼminlash tadbirlarini tashkil etadilar va amalga oshiradilar;
fuqaro muhofazasi sohasida axborotlar yigʻish va almashinishni, shuningdek zamonaviy qirgʻin vositalarining qoʻllanilish tahdidi yoki qoʻllanilganligi toʻgʻrisida aholini oʻz vaqtida xabardor qilinishini taʼminlaydilar;
aholini evakuatsiya qilish va boʻlib-boʻlib joylashtirishga, uning xavfsiz zonalarga oʻrnashib olishiga tayyorgarlik koʻrish hamda shu ishlarni tashkil etish, davolash muassasalari va boshqa tashkilotlar ishini yoʻlga qoʻyish tadbirlarini amalga oshiradilar;
qutqaruv va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan ishlarni tashkil etadilar va amalga oshiradilar, oʻz tasarruflaridagi hududda jamoat tartibi saqlanishini taʼminlaydilar;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradilar.
