239-modda. Bevosita rayon (shahar) sudlarida koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan mehnat nizolari
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat qonunlari kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (929-XII-son) · Sana: 02.09.1993 · Amalda
Bevosita rayon (shahar) sudlarida:
1) mehnat nizolari komissiyasi saylanmaydigan yoki biror sababga koʻra bunday komissiya tuzilmagan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda kelib chiqqan mehnat nizolari;
2) mehnat shartnomasini (kontraktni) bekor qilish asoslaridan qatʼi nazar, ishga tiklash, ishdan boʻshatish vaqti hamda sababining taʼrifini oʻzgartirish, majburiy progul vaqti yoki kam haq toʻlanadigan ishni bajargan vaqt uchun haq toʻlashga doir mehnat nizolari;
3) korxona, muassasa va tashkilotga xodim tomonidan yetkazilgan moddiy zararni undirib olishga doir (147-modda) mehnat nizolari;
4) mehnat vazifalarini bajarish chogʻida xodimning salomatligiga yetkazilgan zarar oʻrnini korxonalar, muassasalar, tashkilotlar qoplashiga doir mehnat nizolari koʻrib chiqiladi.
Ushbu moddaning 1, 2 va 4-bandlarida nazarda tutilgan mehnat nizolari sud tomonidan xodimning, kasaba uyushmasi organi yoki prokurorning arizasiga binoan koʻrib chiqiladi.
Ushbu moddaning 3-bandida nazarda tutilgan mehnat nizolari sud tomonidan maʼmuriyat yoki prokurorning arizasiga binoan koʻrib chiqiladi.
Bevosita rayon (shahar) sudlarida, shuningdek:
boshqa korxona, muassasa va tashkilotdan boshqa ishga oʻtkazish tartibida ishga taklif etilgan shaxslarni;
bron hisobidan ishga yuborilgan 18 yoshga toʻlmagan shaxslarni;
nogironlarni;
homilador ayollar va 3 yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollarni, 14 yoshga toʻlmagan bolasi bor (16 yoshga toʻlmagan nogiron bolasi bor) yolgʻiz onalarni;
korxona, muassasa, tashkilot maʼmuriyati qonunlarga muvofiq mehnat shartnomasi (kontrakt) tuzishi shart boʻlgan boshqa shaxslarni ishga qabul qilishni rad etganlik toʻgʻrisidagi nizolar ham koʻrib chiqiladi.
