“159-modda. Intizomiy jazo choralarini qoʻllash tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat qonunlari kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (929-XII-son) · Sana: 02.09.1993 · Amalda
Intizomiy jazo chorasi qoʻllanilishidan avval xodimdan tushuntirish xati talab qilinishi lozim. Xodimning tushuntirish xati berishdan bosh tortishi jazo chorasi qoʻllash uchun toʻsiq boʻla olmaydi.
Intizomiy jazo chorasi qoʻllanilayotganida sodir etilgan xatti- harakatning qay darajada ogʻir ekanligi, sodir etilgan vaziyat, xodimning avvalgi hulq-atvori, mehnatga munosabati hisobga olinishi kerak.
Intizomiy jazo bevosita nojoʻya harakat aniqlangandan keyin, lekin shunday harakat aniqlangan kundan boshlab, xodimning kasalligi yoki otpuskada boʻlish vaqtini hisobga olmay, uzogʻi bilan bir oy ichida qoʻllaniladi. Jazo nojoʻya harakat sodir etilgan kundan boshlab olti oydan kechiktirmay, moliya-xoʻjalik faoliyatini taftish etish yoki tekshirish natijasida aniqlangan harakatlar uchun esa — sodir etilgan kundan boshlab ikki yildan kechiktirmay qoʻllanilishi mumkin. Jinoiy ish boʻyicha ish yuritilgan davr mazkur muddatga kirmaydi. Har bir nojoʻya harakat uchun faqat bitta intizomiy jazo berilishi mumkin.
Intizomiy jazo berilgani toʻgʻrisidagi buyruq (farmoyish) yoki qaror bunday jazoni berish sabablari koʻrsatilib, jazo berilayotgan xodimga tilxat orqali maʼlum qilinadi (xabar qilinadi).
