10-modda. Jamoat birlashmasining ustavi
Oʻzbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari toʻgʻrisida (223-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
Jamoat birlashmasining ustavida quyidagilar koʻzda tutilishi kerak:
1) jamoat birlashmasining nomi, maqsadi va vazifasi;
2) jamoat birlashmasining ichki tuzilishi, uning oʻz faoliyatini amalga oshiradigan hudud;
3) jamoat birlashmasi aʼzoligiga qabul qilish shartlari va tartibi, agar birlashma roʻyxatda qayd etiladigan aʼzolarga ega boʻlsa, bunday hollarda undan chiqish shartlari va tartibi;
4) jamoat birlashmasi aʼzolari (qatnashchilari)ning huquqlari va burchlari;
5) jamoat birlashmasi hamda uning tashkilotlari rahbar idoralarining vakolatlari va ularni tuzish tartibi, ularning vakolat muddati;
6) jamoat birlashmasi hamda uning tashkilotlarining mablagʻlari va boshqa mol-mulkini hosil qilishning pul bilan taʼminlanish manbalari;
7) jamoat birlashmasining rahbar idorasi qayerda joylashganligi;
8) jamoat birlashmasi ustaviga oʻzgartishlar, qoʻshimchalar kiritish tartibi;
9) jamoat birlashmasi faoliyatini toʻxtatish tartibi.
Ustavda jamoat birlashmasi faoliyatiga taalluqli boshqa qoidalar ham koʻzda tutilishi mumkin.
Jamoat birlashmasining ustavi amaldagi qonunchilikka zid boʻlmasligi kerak.
