11-modda. Jamoat birlashmalari ustavlarini roʻyxatga olish
Oʻzbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari toʻgʻrisida (223-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasida amal qiluvchi xalqaro jamoat tashkilotlarining, jumhuriyat, viloyatlararo birlashmalarining ustavlari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan roʻyxatga olinadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida jamoat birlashmasining ustavini roʻyxatga olish tartibi Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonunchiligi bilan belgilanadi.
Viloyat, nohiya, shahar, posyolka, qishloq hududida yoki ikki va undan ortiq nohiya, shahar, posyolka, qishloq hududida faoliyatini amalga oshiradigan jamoat birlashmalarining ustavlari viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklarining adliya boshqarmalari tomonidan roʻyxatga olinadi.
Jamoat birlashmasi ustavini roʻyxatga olish uchun ustav qabul qilingan kundan boshlab bir oy muddat ichida mazkur jamoat birlashmasi rahbar idorasi aʼzolari tomonidan imzolangan va shu aʼzolar har birining familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan yili, istiqomat joyi koʻrsatilgan ariza topshiriladi. Arizaga ustav, ustavni qabul qilgan taʼsis syezdi (konferensiyasi) yoki umumiy yigʻilish protokoli, ushbu Qonunning 6 va 8-moddalari talablari bajarilganligini tasdiqlovchi boshqa materiallar ilova qilinadi.
Ustavni roʻyxatga olish haqidagi ariza u topshirilgan kundan boshlab bir oy muddatda koʻrib chiqiladi.
Jamoat birlashmalari ustavlariga kiritilgan oʻzgarishlar, qoʻshimchalar ham ustavlarni roʻyxatga olish tartibi va muddatlariga muvofiq roʻyxatga olinishi lozim.
Jamoat birlashmalari ustavlarini roʻyxatga oluvchi idoralar ana shu birlashmalar roʻyxatini tuzib boradilar.
Jamoat birlashmasi yoki uning tashkilotlari (idoralari) ularning ustavlari roʻyxatga olingan kundan boshlab ushbu Qonunda belgilab qoʻyilgan tartibda oʻz faoliyatlarini amalga oshiradilar va fuqarolik qonunchiligiga muvofiq huquqiy shaxs deb tan olinishi mumkin.
Xalqaro jamoat birlashmalarining, ularning boʻlinmalarining filiallari, shu jumladan ommaviy harakatlari va ularning tarmoq boʻlinmalarining, shuningdek jumhuriyat va mahalliy jamoat birlashmalari (shu jumladan ommaviy harakatlarning) Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida va uning joylaridagi idoralarida oʻz ustavlarini roʻyxatdan oʻtkazmagan boʻlsalar, Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyat koʻrsatishlariga yoʻl qoʻyilmaydi.
Jamoat birlashmasi ustavini, unga kiritilgan keyingi oʻzgartishlar va qoʻshimchalarni roʻyxatdan oʻtkazganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan miqdorda davlat boji undiriladi.
